Samarqandda “Tinchlik daraxti” monumenti o‘rnatildi
Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Tinchlik daraxti” monumentining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, YuNESKO Bosh direktori o‘rinbosari Stefaniya Jannini ishtirok etdi va shu paytgacha dunyoning 17 shahrida o‘rnatilgan “Tinchlik daraxti” dunyodagi turli din va millatlarning birlashuvi, o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik ramzi hisoblanishini ta’kidladi.
– Ramziy ma’noga ega ushbu monumentni yaratishni YuNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirganmiz va 2008 yilda ilk “daraxt”ni Isroilda o‘rnatgandik, - deydi YuNESKOning madaniy diplomatiya bo‘yicha maxsus elchisi, monument muallifi Xedva Ser xonim. – Bronzadan yasalgan, 750 kilogrammlik o‘n sakkizinchi monument bugun dunyoga mashhur tarixiy Samarqand shahriga qo‘yildi. Monumentni o‘rnatish jarayonlarida bir jihat e’tiborimni tordi. Odatda, boshqa joylarda “Tinchlik daraxti”ni yaratish uchun uch oygacha vaqt sarflaganmiz. Samarqandda esa to‘rt hafta kifoya qildi.
Mehmonlar “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.