Samarqandda turizm yana jonlanyapti
Uzoq vaqt davom etayotgan pandemiya sabab butun dunyoda turizm sohasi ayrim kutilmagan salbiy holatlarga duch keldi. Oqibatda ko‘pgina mamlakatlarda bu soha faoliyati orqaga ketdi. Quvonarlisi, mamlakatimizda turizm yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar, sohaga hukumat tomonidan ajratilgan imtiyozlar sabab soha rivojlanishda davom etmoqda. Yurtimizga xorijiy sayyohlar tashrifi yana jonlanyapti.
Shunday ekan, ularga munosib sharoitlar yaratish, ochiq osmon ostida, tabiat qo‘ynida dam olish maskanlarini tashkil etish zarurati paydo bo‘lyapti. Kecha viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan ana shunday yangi turistik manzillarga press-tur uyushtirildi.
Jurnalist va blogerlar eng avval Samarqand tumanidagi “Barkhan Hall” turistik maskanida bo‘ldi. Ushbu turistik manzilning Samarqand-Qarshi yo‘lida joylashganligi mahalliy sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi bilan e’tiborni tortadi. Bu maskan hali to‘liq qurib bitkazilmagan bo‘lsa-da, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Kelajakda bu yerda uch yulduzli mehmonxona va oilaviy dam olish bo‘limlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari “Jannat Makon” turistik dam olish maskani faoliyati bilan tanishdi. Ushbu dam olish manzilgohida mehmonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Maskan shahar shovqinidan holi, tabiat qo‘ynida joylashgan. Yozning issiq kunlarida bu yer mahalliy va xorijiy sayyohlarning dam olishlari uchun eng qulay manzilga aylanishi, shubhasiz.
- Dam olish maskanimizda mehmonlar ko‘ngildagidek hordiq chiqarishlari uchun supa, favvorali hovuz, tamaddixona tashkil qilganmiz, - deydi turizm maskani ish boshqaruvchisi Bahodir Nabiyev. - Sayyohlar uchun alohida mehmonxona majmuasi mavjud. Tabiat qo‘ynida kichik hayvonot bog‘i tashkil etdik. Unda tuyaqush, tuya va turli noyob hayvonlar bor.
Ishtirokchilar tadbir davomida “Delfin” sport majmuasida ham bo‘ldi. Bu yerda sportning suzish turi bilan shug‘ullanuvchi bolalar va kattalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Majmuada aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida suzish va shu yo‘nalishdagi sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, bu yerda yangi avlod professional sportchilari tayyorlanmoqda.
Salomatlik va sport bilan bog‘liq bo‘lgan keyingi manzil Samarqand shahridagi Yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport majmuasi bo‘ldi. Bu yerda yoshlar dzyudo, sambo, boks, taekvando va yunon-rum kurashi kabi sport turlari bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Muassasa xodimlari press-tur ishtirokchilarini sport maktabi tarixidan darak beruvchi muzey, faxriylar va ustozlar burchagi hamda mashg‘ulotlar olib borayotgan yosh sportchilar hamda murabbiylar faoliyati bilan ham tanishtirdi.
Sulaymon MARDIYeV.