Samarqandda xalq ta’limi tizimida 5 ta korrupsion holat aniqlangan

Joriy yilda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tizimi bilan bog‘liq 5 holatda – viloyat xalq ta’limi boshqarmasida 316 mln. so‘m, Payariq tumanida 554 mln. so‘m, Kattaqo‘rg‘on tumanida 119 mln. so‘m, Past Darg‘om tumanida 60 mln. so‘m, Jomboy tumanida 524 mln. so‘mlik kamomad, moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yish kabi korrupsion holatlar aniqlangan va sud tomonidan o‘rganilgan. 

Bu haqda viloyat Matbuot uyida xalq ta’limi sohasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsion holatlarining oldini olish va aholiga ochiq ma’lumotlar taqdim etish bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Bundan tashqari, hali sud ajrimi chiqmagan korrupsiyaga oid holatlar ham borligi aytildi.

- Ming afsuski, korrupsiyaga oid holatlar xalq ta’limi sohasida ham yo‘q emas, - dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shokir Sultonov. - Qurilish, ishga olish, dars taqsimotida korrupsion holatlar kuzatilyapti. Bugun o‘qituvchilarning oylik maoshi ancha ko‘tarilgan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda o‘qituvchilarga berilayotgan sovg‘a-salomlar ham quloqqa chalinib qoladi. O‘qituvchining muqaddas kasbiga mana shu narsalar dog‘ tushiradi. To‘g‘ri, halol ishlaydigan, kasbiga fidoyi o‘qituvchilar ko‘p, ammo guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi ba’zan sovg‘a-salom olayotgan o‘qituvchilar ham uchramoqda. Korrupsion holatlarning oldini olishda bizda huquqiy nazorat xizmati bor. Shuningdek, viloyat xalq ta’limi boshqarmasida ham audit tizimi tashkil etilgan. Audit tizimi ham moliyaviy xato-kamchiliklarni aniqlaydi. Ba’zida bilib-bilmasdan ham korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilyapti. 

Shuningdek, tadbirda maktabga direktor tayinlash tizimi, attestatsiya jarayonlaridagi ba’zi ko‘zbo‘yamachiliklar kabi jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berildi. 

Boshqarma boshlig‘i agar xalq ta’limi tizimida korrupsion holatlar kuzatilsa, boshqarmaning 238-88-00 yoki 238-88-28 raqamiga telefon qilish mumkinligini bildirdi.