Samarqandda Xitoyning "TIANNENG GROUP" kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Viloyat hokimi Adiz Boboyev Xitoyning ushbu nufuzli kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniyaning ijrochi direktori Yang Jianfen bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zaro hamkorlik istiqbollari hamda viloyatda investitsiya loyihalarini amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Yang Jianfen bugungi kunda Samarqand viloyatida xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va ochiq investitsiya siyosati hududlarda yirik hamda uzoq muddatli biznes loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam zamin yaratayotgani xususida to‘xtaldi. Yang Jianfen bunga yaqqol misol sifatida o‘zining hamkori – "Zhejiang Junsheng Energy" korxonasi rahbari 2025 yilning mart oyida Samarqand viloyatida plastmassa buyumlari ishlab chiqaruvchi investitsiya loyihasini amalga oshirganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, Yang Jianfen O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga qiziqish bildirib, hozirda kompaniya viloyat bozorini o‘rganayotgani, uning ehtiyojlarini tahlil qilayotgani va istiqbolli investitsiyalar uchun ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Adiz Boboyev xorijiy investorlarga amaldagi qonunchilik doirasida har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi. Jumladan, sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda viloyatning eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishda ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va ikki tomonlama muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.