Samarqandda xorijiy OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida 16 nafar talaba o‘ringa o‘rin kirishga urindi
Bugun Samarqandda xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari boshlandi.
Imtihon Samarqand shahar 2-son Bolalar va o‘smirlar sport maydoni va Lokomotiv stadionida ikki navbatda tashkil etildi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, test sinovlariga birinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan 2280 nafar talabadan 194 nafari ayrim sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.
Imtihonda 16 nafar talaba o‘ringa o‘rin kirishga uringani, 5 nafari ta’qiqlangan vositalarni ishlatgani sababli test sinovlaridan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz: Test savollari mutaxassislik fanlari bo‘yicha 2 ta asosiy va 3 ta qo‘shimcha fanlardan tuzilgan bo‘lib, yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan ball to‘plagan talabalar respublika OTMlariga o‘qishini ko‘chira oladi.