Samarqandda xorijiy OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida 48 nafar talaba imtihondan chetlatildi
Viloyatda xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha tashkil etilgan test sinovlari yakunlandi.
Imtihonlar Samarqand shahar 2-son Bolalar va o‘smirlar sport maydoni va Lokomotiv stadionida bo‘lib o‘tdi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, ikki kun davom etgan test sinovlariga jami 6110 nafar talabgor qatnashishi kerak bo‘lgan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra 471 talaba imtihonga kelmagan.
Imtihonda 27 nafar talaba o‘ringa o‘rin kirishga uringani, 20 nafari ta’qiqlangan vositalarni ishlatgani, 1 nafari test qoidalarini buzgani sababli test sinovlaridan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz: Test savollari mutaxassislik fanlari bo‘yicha 2 ta asosiy va 3 ta qo‘shimcha fanlardan tuzilgan bo‘lib, yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan ball to‘plagan talabalar respublika OTMlariga o‘qishini ko‘chira oladi.