Soxta hujjat bilan Samarqand tibbiyot universitetiga o‘qishni ko‘chirishni va’da qilgan firibgar ushlandi

Huquq-tartibot organlari yana bir firibgarlik holatini fosh etishdi.

Aniqlanishicha, Past Darg‘om tumanidagi umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Toyloq tumanida yashovchi fuqaroni xorijiy oliy ta’lim muassasasi talabasi ekanligi to‘g‘risida soxta hujjat tayyorlab bermoqchi bo‘lgan.

Bu ishni tanishlari yordamida amalga oshirib, o‘z navbatida Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni ham va’da qilgan.

Xujjat tayyorlash va o‘qishni ko‘chirish evaziga 6000 dollar berishi kerakligini aytgan. Shuningdek, 1200 dollar evaziga qarindoshiga ingliz tili bo‘yicha milliy sertifikat ham olib berishga kelishgan.

Jami 7200 AQSh dollar olgan vaqtida esa DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va IJQK Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Holat bo‘yicha tegishli tartibda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.