Samarqandda yil oxirigacha yirik tonnel ishga tushadi

Ayni kunlarda “Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida shaharning Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida tonnel qurilishi hamda mavjud kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Qurilish-ta’mirlash ishlarini “Me’mor O‘tkir Chovka” MChJ quruvchilari olib bormoqda.
- Yangi qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich tonneli “Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi”ning loyiha qiymati 18 million AQSh dollari hisobidan bunyod etilmoqda, - deydi “Me’mor O‘tkir Chovka” MChJ boshlig‘i Umid Ro‘zmetov. – Hozirgacha ob’yektimizda 5200 metr uzunlikdagi beton ustunlar o‘rnatildi. Chorrahaning ikki tomonida 800 metr uzunlikdagi elektr energiyasi, 1200 metr tabiiy gaz hamda ichimlik suv tarmoqlari xavfsiz joyga ko‘chirildi. Shuningdek, yer osti tonneli hududidan o‘tgan va unga tutash hududlardan 2300 metr uzunlikdagi turli hajmdagi kanalizatsiya hamda internet aloqa tarmoqlarining ham joylari o‘zgartirildi.
Mazkur qurilish ob’yektida 12 ta turli maxsus va yuk mashinalari, 80 nafardan ziyod quruvchilar kechayu-kunduz mehnat qilmoqda. Ular tomonidan kuniga 100 metrdan ziyod hudud betonlashtirilib, 150 metr kanalizatsiya tarmoqlari yotqizilmoqda.
- Qurilish-montaj ishlari ishchilarning to‘liq mehnat xavfsizligini ta’minlagan holda olib borilyapti, - deydi korxonaning mehnat xavfsizligi bo‘yicha muhandisi Isroil Ahmedov. – Ular uchun ovqatlanish, yuvinish va bo‘sh vaqtlarida hordiq olishlari uchun dam olish xonalari tayyorlab qo‘yilgan.
Hozirda qurilish korxonasi quruvchilari Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari chorrahasidagi tonnelda ham so‘nggi texnik va pardozlash ishlarini yakunlashmoqda.
Shuningdek, quruvchilar Gagarin ko‘chasidagi ishlarini davom ettirib, Qorasuv massivi yo‘nalishidagi temiryo‘l ko‘prigini qaytadan ta’mirlab, Siyob kanali ustidan yangi avtomobil yo‘lini o‘tkazuvchi osma ko‘prikni ham bunyod etishadi.
O‘tgan yili noyabr oyida boshlangan tonnel qurilishi joriy yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi.
Dilmurod To‘xtayev,
B.Mustanov olgan suratlar.