Samarqandda yuqori barqarorlik darajasidagi korxonalar bir yilda 334 taga ko‘payib, ularning soni 1171 tani tashkil etdi

Samarqandda yuqori barqarorlik darajasidagi korxonalar bir yilda 334 taga ko‘payib, ularning soni 1171 tani tashkil etdi
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan joriy yilgi uchrashuvi ham taklif va tashabbuslarga boy bo‘ldi. Albatta, bevosita tanish bo‘lmagan istalgan odamda “bu kabi sa’y-harakatlar samara beryaptimi, natija qanaqa?”, degan savol tug‘ilishi mumkin.
Aslida, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonuniy, shaffof va qulay shart-sharoit yaratib berilgani natijasida soha borgan sari rivojlanmoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda viloyatimizda 20,3 mingta tadbirkorga 25,2 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi. Pirovardida birgina qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 2017 yildagi 491 tadan 15 mingtaga yetib, 31 barobarga oshdi.
Albatta, tadbirkorlikni rivojlantirishda asosiy masala ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Yurtimizda ayni masalada ham barcha moliyaviy vositalar yaratilgan.
Ulardan foydalanib, joriy yilda tadbirkorlikka 6 trillion so‘mga yaqin kreditlar ajratildi. Faqat dasturlar doirasida 45 ming shaxsga 1,3 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar berildi. Buning hisobiga 46 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Umuman, viloyatda joriy yilning o‘zida tadbirkorlar soni 6,1 mingtaga ko‘payib, 74,3 mingtaga yetdi. Shundan kichik tadbirkorlik sub’yektlari 66 ming, o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari 8,1 ming, yirik tadbirkorlik sub’yektlari 603 tani (tovar aylanmasi 100 milliard so‘m va undan ortiq) tashkil etdi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yilda tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ularning faoliyatini baholash va qo‘llab-quvvatlash reyting asosida yuritilishi belgilab berilgan edi. Bu borada o‘tgan davrda 2 ta farmon va 2 ta qaror qabul qilinib, tizim yaratildi.
Tadbirkorlar bu ishlar mohiyati va soha rivojidagi ahamiyatini to‘g‘ri tushunib, o‘z reytingini yaxshilashga harakat qilmoqda. Birgina joriy yilda yuqori barqarorlik darajasidagi korxonalar 334 taga ko‘payib, ularning soni 1171 tani tashkil etmoqda.
O‘rta barqarorlik darajasidagilari esa 1067 taga ko‘payib, 9548 taga va qoniqarli barqarorlik darajasidagilar 988 taga ko‘payib, 17900 taga yetdi.
Misol uchun, Urgut tumanida quyi toifaga mansub korxonalar 1577 tadan 1457 taga kamayib, 120 ta korxona qoniqarli toifada qolgan.
Endi bor e’tiborimizni quyi toifadagi 16,2 mingta korxonaga qaratib, ular reytingini yaxshilash choralarini ko‘ramiz.
Kichik va o‘rta biznes sub’yektlarini yiriklashtirishga ko‘maklashish orqali ularni “chempion tadbirkor”ga aylantirish bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Xususan, 49 ta korxona chempionlik mezonlari asosida tanlab olinib, ularga ko‘rsatilgan yordamlar natijasida ishchilar sonini 4 ming nafarga, tovar aylanma hajmini 4 trillion so‘mga, eksport hajmini 108 million dollarga oshirishga erishildi.
Bundan tashqari, 8 ta tadbirkor yillik tovar aylanma hajmini 100 milliard so‘mdan va ish o‘rnini 500 tadan oshirib, viloyat darajasidagi “chempion tadbirkor”ga olib chiqildi. Endi ularni respublika miqyosidagi “chempion”ga aylantirish choralarini ko‘ryapmiz.
Misol uchun, Past Darg‘omdagi "NEW TECH SAMARKAND" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga berilgan ko‘maklar hisobiga 1 mart holatiga tuman darajasidagi chempionlikdan bugungi kunda viloyat darajasidagi (ishchi soni 1025 nafar, tovar aylanmasi 242,2 milliard so‘m) “chempion”ga aylandi.
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan joriy yilgi ochiq muloqotiga tadbirkorlarimiz tomonidan 1078 ta murojaat bo‘lgan. Shundan, 836 tasi ijobiy hal etilib, qolgan 241 ta murojaat viloyat hokimi nazoratida ko‘rib chiqilmoqda.
Darvoqe, joriy yilning birinchi yarmida 670 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, o‘tgan yilga nisbatan 28 foizga o‘sishga erishildi.
Yil yakunigacha 340 million dollarlik 14 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Jumladan, sanoat rivojlanmagan Paxtachi tumanida “Ziyovuddin invest tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 16,3 million dollarlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda eksport masalasiga ham alohida e’tibor berilib, eksportyorlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash va ularga berilgan imtiyozlardan foydalanish natijasida so‘nggi 5 yilda viloyatning eksport hajmi 2,5 barobarga oshdi.
Qayd qilish lozimki, o‘tgan 7 oyda 553,1 million dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarilib, yillik reja 65 foizga bajarildi.
Bugungi kunda kichik biznes sub’yektlarining viloyat yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 68,2 foizni tashkil etmoqda.
Sherbek BO‘RONOV,
viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.