Samarqandda zargarlik qanday rivojlanyapti?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 noyabrda bo‘lib o‘tgan mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida zargarlik bo‘yicha ichki bozor savdo hajmi 300 million dollarni tashkil etishi ko‘rsatib o‘tilgandi.
Zargarlik sohasidagi islohotlar tufayli mahalliy zargarlik mahsulotlari ichki bozorda sezilarli darajada ko‘paydi. Lekin ularning miqdori va turlarini ko‘paytirish imkoniyatidan yetarli foydalanilmayapti, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarur sharoitlar yaratilmayapti.
Masalan, Samarqand viloyatida 72 nafar zargar-hunarmandlar oltin, kumush va misdan turli zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaryapti. Ularning aksariyati xonadonlarida faoliyat yuritishi, ishlab chiqarish, shogirdlar tayyorlash va ish o‘rinlarini kengaytirish imkoniyatlari chegaralanganligi sababli soha yetarli samaradorlikka erisha olmayapti.
Zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hunarmandlarning aksariyati Samarqand shahri, Samarqand va Urgut tumanlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqand shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida, “Zebo” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasida, “Registon” mehmonxonasidagi do‘konlarda, Urgut bozorining savdo rastalarida zargarlik mahsulotlari savdosi tashkil etilgan. Ammo ularning atrofida infratuzilmaning yo‘qligi, sayyohlik marshrutlariga qo‘shilmaganligi, reklama vositalarining kamligi tufayli ushbu mahsulotlar savdosi yetarlicha emas.
Zargar-hunarmandlar bilan o‘tkazilgan davra suhbatlari ishlab chiqarishni kengaytirish, ustalarni tayyorlash, savdoni rivojlantirishda foydalanilmay kelinayotgan imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi. Ya’ni, ishlab chiqarishni kengaytirish, ish jarayonida shogirdlarni tayyorlash, ularni foydali ishga jalb etish, savdoni rivojlantirish uchun aholi gavjum ko‘chalarda joylashgan, ijarasi qimmat bo‘lmagan binolar kerak va ularga mahalliy, xorijiy sayyohlarni jalb etish zarur. Bu kabi takliflarni umumlashtirib, Samarqand shahrida zamonaviy savdo majmuasini barpo etish va zargar-hunarmandlar uchun sharoit yaratish imkoniyatlari ko‘rilmoqda.
Sohani rivojlantirish maqsadida davlatimiz tomonidan zargarlarga qo‘shimcha imtiyozlar berilib, qimmatbaho metallarni olishda kechiktirib to‘lash uchun barcha banklar va Eksportni rag‘batlantirish agentligi kafolatlarini qabul qilishga ruxsat berildi. Zargarlik uchun ishlatiladigan qimmatbaho va bezak toshlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga kechiktirib to‘lash uchun bank kafolati taqdim etish imkoniyati yaratildi. 10 ming dollargacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini chetga olib chiqishga ruxsat etildi. Qimmatbaho metallar va xomashyoni qayta ishlash uchun vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilindi.
Ushbu imkoniyatlar samarasida viloyatda 155,2 milliard so‘m bo‘lgan 48 ta zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish investitsion loyihalari ishlab chiqildi. Ulardan 38 tasi yangi va 10 tasi mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirishga qaratilgan. Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida 455 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Milliy zargarlik mahsulotlari xorijlik sayyohlar xarid qiladigan muhim mahsulotlardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining yana bir istiqbolli imkoniyatidir.
Nozir Ibragimov,
Samarqand viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi.