Samarqanddagi 20 ta maktabda turizm fan sifatida o‘qitiladi

Samarqandda davom etayotgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Global ta’lim forumi o‘z ishini boshladi.

Tadbirda 140 davlatdan kelgan delegatlar, turizm vazirlari va turizm ma’muriyatlari rahbarlari, O‘zbekiston ta’lim sohasi mas’ullari va oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forum avvalida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili so‘zga chiqdi.

– O‘zbekistonda ta’lim tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi, – dedi A.Abduhakimov. – Buni Samarqand shahridagi Registon maydoni misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘rta asrlarda bunyod etilgan bu yerdagi uchta salobatli bino madrasa, hozirgi tilda aytsak, oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan. Bugun Samarqandda ushbu madrasalarning davomchisi bo‘lgan universitetlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bizning “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetimiz nisbatan yosh oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblansa-da, turizm sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi. Universitetda nafaqat O‘zbekiston, balki ShHTga a’zo davlatlar yoshlari ham kelib ta’lim oladi. Hozirda talabalarimiz orasida yigirmaga yaqin davlat vakillari bor. Professor-o‘qituvchilarimiz orasida ham xorijlik mutaxassislar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bundan tashqari, ayni paytda yurtimizda turizm yo‘nalishida mutaxassis tayyorlovchi o‘ndan ortiq texnikum va kollejga o‘quv uslubiy tomondan yordam beramiz.

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning natijalari haqida so‘z yuritib, bolalar turizmiga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Bugungi kunda turizm iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi, – dedi H.Umarova. – Shu sababli bolalikdanoq o‘quvchilarimizda ushbu soha haqida tushuncha hosil qilish, ularning qiziqishlarini oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Vazirlik tizimida Samarqand va Namangan viloyatlarida bolalar sayyohlik bazalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Endilikda Samarqanddagi 20 ta maktabda maktabdan tashqari ta’lim sifatida turizm ta’limi soatlarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu borada Butunjahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikni ishlayapmiz.

Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili ayni paytda dunyo miqyosida sayyohlik jadal rivojlanayotganini qayd etib, bu jarayonda soha uchun malakali kadrlarga ehtiyoj oshib borayotganini ta’kidladi.

– Bugun dunyodagi har bir davlat turizmga juda katta sarmoya kiritmoqda, buni forum doirasida kecha o‘tkazilgan investitsion forum ham yana bir bor tasdiqladi, – dedi Zurab Pololikashvili. –  Bunday keng ko‘lamdagi loyihalarni amalga oshirish, sayyohlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish uchun mutaxassislar kerak. Lekin biz shu paytgacha bu masalaga yetarli darajada e’tibor qaratmaganmiz. Keyingi ikki yilda tashkilotimiz tomonidan turizm ta’limi bo‘yicha bir qator loyihalar, dasturlarni amalga oshirishga kirishdik va buning samarasini ko‘ryapmiz. Shu jihatdan O‘zbekistonda maktab o‘quvchilariga turizm fan sifatida o‘qitilishini olqishlaymiz. Bu ushbu yo‘nalishda dunyo bo‘yicha ilk tajriba hisoblanadi. Shuningdek, Samarqandda turizm akademiyasi faoliyat boshlayotganini ham qo‘llab-quvvatlaymiz.

Forumda hozirgi va kelajak avlodlar uchun innovatsiyalar va ta’limni qo‘llab-quvvatlash siyosati bo‘yicha oliy darajadagi vazirlar muhokamasi o‘tkazilmoqda.