Samarqanddagi 40,4 ming ko‘cha elektron xaritaga kiritildi
“Geografik ob’yektlarni nomlash to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga ko‘ra, geografik ob’yektlar nomini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maqsadida davlat reyestri yuritiladi.
Kadastr agentligi geografik ob’yektlarning nomlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini qonunchilikda belgilangan tartibda geografik ob’yektlar nomlarining davlat reyestriga kiritgan holda amalga oshiradi.
– Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyasining a’zosi va ishchi organi sifatida Davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi ham bu borada zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda, – deydi davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyat boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Sh.Po‘latov. – Xususan, 2023 yil davomida boshqarma va uning tuman (shahar) filiallari tomonidan viloyatda mavjud 1126 ta mahalladagi 40 ming 484 ta ko‘cha elektron xaritalarda aks ettirilib, belgilangan tartibda toifalar (shoxko‘cha, ko‘cha, tor va berk ko‘cha)ga ajratib chiqildi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘chalarning 23759 tasi “Ko‘chmas mulk ob’yektlari manzillari yagona reyestri”ga kiritildi. Geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan qolgan ko‘chalarga nom berish hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazgan holda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan tasdiqlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qonunga ko‘ra, geografik ob’yektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirishni amalga oshiruvchi organlar geografik ob’yektlarga nom berilganligi va ularning nomlari o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi tegishli hujjatlarni geografik ob’yektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun o‘n kunlik muddatda Kadastr agentligiga taqdim etishi shart.
2023 yilda viloyat bo‘yicha 21 mingdan ortiq geografik ob’yekt nomi davlat ekspertizasidan o‘tkazish va davlat reyestriga kiritish uchun Kadastr agentligiga yuborilgan.