Samarqanddagi maktab o‘quvchilari 700 mingdan oshadi, o‘quv mashg‘ulotlari 14 sentyabrdan boshlanadi

Buning uchun 10 sentyabrga qadar maktablar yetarli miqdorda sanitariya xavfsizlik jihozlari, jumladan, pirometr, dozator bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, 14 sentyabrga qadar 54,5 ming nafar o‘qituvchi-pedagoglarni koronavirusga testdan o‘tkazish va ularni o‘tkir respirator virusli infeksiyaga qarshi emlash ishlarini tashkil etiladi. Har oyda tibbiy niqob va antiseptik vositalari bilan ta’minlanadi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasida bu haqda tegishli qaror qabul qilingan.

Xalq noiblari ishchi organi qarori bilan mas’ullarga, shuningdek, viloyatdagi 81 ta maktabda (tajriba sinov tariqasida) “Elektron kundalik” dasturini joriy etish, karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda 83 ta “maktab bozorlari” faoliyatini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.

O‘quv yili oldidan viloyatdagi maktablarning infratuzilmasi yaxshilanadi. Jumladan, 332 tasiga uzluksiz toza ichimlik suvini yetkazib berish, 380 tasini isitish tizimi va hojatxonalarini ta’mirlash choralari ko‘riladi.

Qolaversa, 4 ta matematikani hamda 1 ta kimyo va biologiyani chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyatini tashkil etiladi.

Umuman, joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinflariga kelishi kutilayotgan 78 ming 897 nafar 6,5 va 7 yoshli bolalarga 12 nomdagi “Prezident sovg‘asi” joylarga yetkazilmoqda.

2020-2021 yangi o‘quv yilida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari 732 ming 470 nafar bo‘lishi kutilmoqda. Ularga 54 535 nafar (shundan, 7009 nafari yoki 12 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli) o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya beradi.

Viloyat bo‘yicha 238 nomdagi 3 million 292 ming 870 ta darsliklarga buyurtma berilgan.

Ma’lumotlara ko‘ra, viloyatdagi 1199 ta maktablar yangi o‘quv yiliga tayyor va barcha muassasalarda dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.