Samarqanddagi moddiy madaniy meros ob’yektlarining holati qanday?
Hozirda O‘zbekiston bo‘yicha moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari 8208 ta. Shundan arxeologiya yodgorliklari soni 4748 ta, arxitektura yodgorliklari soni 2250 ta, monumental san’at yodgorliklari 678 ta, diqqatga sazovor joylar 532 ta)ni Madaniy meros obidalarining eng ko‘pi Samarqand viloyatida (1607 ta) bo‘lsa, eng kami Sirdaryo viloyatida (78 ta).
- Keyingi yillarda moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning o‘rni va ahamiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov. - Jumladan, 2018 yilgacha madaniy merosga oid 2 ta qonun hujjati amal qilgan bo‘lsa, 2018 yildan sohaga doir 2 ta qonun, 3 ta Prezident qarori va farmoni, 4 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi va bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Mazkur qonun hujjatlari asosida keyingi yillarda moddiy madaniy meros ob’yektlarni kelajak avlodga yetkazish, avariya holatidagi va ta’mirtalab, yo‘qolib ketish xavfi mavjud ob’yektlarni restavratsiya va konservatsiya qilish, ularning muhofaza hududlarini belgilash, ulardan foydalanishda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, tarixiy ob’yektlarni saqlab qolishda xorij tajribasini amaliyotda qo‘llash kabi muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatimizda bugungi kunda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan 1607 ta madaniy meros ob’yekti mavjud. Shundan 1011 tasi respublika ahamiyatidagi 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi ob’yekt hisoblanadi. Madaniy meros ob’yektlarining 973 tasi arxeologik, 564 tasi arxitektura, 34 tasi diqqatga sazovor joylar, 36 tasi monumental, 221 tasi shaxsiy mulk shaklidagi turarjoy binolaridir.
Samarqand shahrining tarixiy markazi 1123 gektarni tashkil etib, muhofaza etiladigan zonasi 1369 gektardan iborat. 2001-yilda YuNESKO umumjahon merosi qo‘mitasining Finlandiyaning Xelsinki shahrida bo‘lib o‘tgan 25-sessiyasida tarixiy markaz «Samarqand – madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
2023 yil 10-25 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida YuNESKO umumjahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida Buyuk Ipak yo‘lining Zarafshon - Qoraqum yo‘lagi Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. O‘zbekiston «Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon – Qoraqum koridori» nominatsiyasini taqdim etish bo‘yicha loyiha koordinatori sifatida ishtirok etdi. Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan «Ipak yo‘li Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi» uch davlatda joylashgan 31 ta ob’yektdan iborat. Bulardan 9 tasi Tojikiston, 15 tasi O‘zbekiston va qolganlari Turkmaniston hududida joylashgan. Mamlakatimizdagi 15 obidaning 4 tasi - Jartepa otashparastlar ibodatxonasi, Sulaymontepa, Kofirqal’a qo‘rg‘oni, Dobusiya qo‘rg‘oni viloyatimiz hududida joylashgan.
Albatta, tizimda yutuqlar bilan birga hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar ham talaygina.
Birinchidan, «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxati»ni qaytadan ko‘rib chiqish va zarur tuzatishlarni amalga oshirish lozim. Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatining hukumat qarori darajasida tasdiqlanishi katta voqea bo‘ldi. Bu ham mustaqil bo‘lganimizdan keyin, oradan 28 yil o‘tib, 2019 yilda tasdiqlandi. Biroq ro‘yxatda juda ko‘p chalkashliklar mavjud. Bu esa ro‘yxat e’lon qilinganidan keyin moddiy madaniy meros ob’yektlarida olib boriladigan ishlarda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Xususan, Samarqand shahri Registon ko‘chasi 3-“A” uyda joylashgan, milliy ro‘yxatga «O‘smatboy madrasasi» nomi kiritilgan madrasa aslida «Do‘stmatboy madrasasi» (Do‘stmatboy Baxmal tumanidagi O‘smat shaharchasidan bo‘lgan) tarzida kiritilishi kerak edi. Bunday xatoliklar arxeologik obidalarda juda ko‘p uchraydi. Qoratepa Qiziltepa, Qiziltepa Sariqtepa shaklida milliy ro‘yxatga kiritilgan. Mazkur arxeologik ob’yektlar o‘tgan asrning 30 yillaridan boshlab ilmiy muomalaga kiritilgan va ko‘plab adabiyotlarda qayd etilgan.
Milliy ro‘yxat shoshma-shosharlik bilan, ob’yektlarni joyiga chiqib ko‘zdan kechirmasdan, o‘tgan asrning 30-50 yillaridagi ro‘yxatlarga qarab tuzilgan hollar ham mavjud. Natijada aslida o‘tgan asrning 90 yillariga qadar yo‘q bo‘lib ketgan arxeologik ob’yektlar ham ro‘yxatga kiritilgan. Shu bilan birga, milliy ro‘yxatga kiritilmasdan qolib ketgan moddiy madaniy meros ob’yektlarining soni ham dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 200 ga yaqinni tashkil etadi. Ularni ham milliy ro‘yxatga kiritish va shu orqali saqlab qolish zarur.
Ikkinchidan, moddiy madaniy meros ob’yektlarining yagona elektron bazasi shakllantirilmaganligi ham katta muammolarni yuzaga keltirmoqda. Dunyo tajribasida ko‘riladiki, barcha moddiy madaniy meros ob’yektlarining elektron bazasi yuritiladi va u barcha uchun ochiq. Yagona elektron bazaning yuritilishi sohada bajarilayotgan ishlarning shaffof bo‘lishini ta’minlaydi va jamoatchilik nazoratini ham osonlashtiriladi.
Uchinchidan, moddiy madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish va saqlanish holati dalolatnomalarini tuzish zarur. Maxsus fotodronlar yordamida har bir ob’yektning uch o‘lchamli fotosi olinadi. Ushbu fotoga ob’yektning joriy holati yozma ravishda ilova qilinadi. Natijada moddiy madaniy meros ob’yektlarini vaqtincha saqlab turgan tashkilotlar, xususiy mulk egalari, umuman javobgar shaxslarning mas’uliyati oshadi. Vaqti-vaqti bilan ob’yektlar xatlovdan o‘tkazilganda saqlanish holati dalolatnomalaridagi fotosi va tavsifi bilan solishtiriladi.
To‘rtinchidan, moddiy madaniy meros ob’yektlarining kadastr hujjatlarini shakllantirish ishlarini oxiriga yetkazish zarur. Ayni vaqtda Samarqand viloyatida moddiy madaniy meros ob’yektlarining 90 fozidan ortig‘i (1467 ta) o‘z kadastr pasportiga ega.
Beshinchidan, moddiy madaniy meros ob’yektlarining barchasida muhofaza belgilari o‘rnatish, atrofini o‘rash kerak. Bu ayniqsa, arxeologik ob’yektlarga taalluqlidir. Ayni vaqtgacha viloyatdagi moddiy madaniy meros obidalarining yarmida muhofaza belgilari o‘rnatilgan, xolos.
Oltinchidan, viloyatimizdagi mavjud 1607 ta moddiy madaniy meros ob’yektlaridan 130 tasi yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Tez fursatda mazkur ob’yektlarning birlamchi konservatsiya ishlarini amalga oshirish lozim.
Yettinchidan, viloyatimizdagi 60 ga yaqin arxeologiya merosi ob’yektlari haligacha qabriston sifatida ishlatilmoqda. Bu esa mazkur ob’yektlardagi yuqori madaniy qatlamlarning yo‘q bo‘lib ketishiga, olimlarning esa noto‘g‘ri ilmiy xulosalariga sabab bo‘ladi. Qabristonlar uchun alohida joy ajratib, arxeologik tepaliklar qabriston sifatida foydalanishni to‘xtatish lozim.
Moddiy madaniy meros ob’yektlarini raqamlashtirish, milliy ro‘yxatga tuzatishlar kiritish, yagona elektron bazasini yuritish ishlari keng jamoatchilik, olim va mutaxasislar ishtirokida amalga oshirilishi lozim. Shu bilan birga, mazkur jarayonlarga xorijiy va mahalliy grant mablag‘larini jalb etish yaxshi samara beradi.
Moddiy madaniy meros ob’yektlarini saqlash bilan bog‘liq ishlar moliyaviy ko‘maksiz bo‘lmaydi albatta. Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan mazkur sohaga ajratilayotgan mablag‘ yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bunga mahalliy hokimliklar ham o‘z hissasini qo‘shsa, sohadagi muammolar ancha kamaygan bo‘lar edi.