Samarqanddagi nomdor kompaniyalar bolalar uchun xayriya tadbiri tashkil etdi
Yangi yil bayrami munosabati bilan viloyat hokimligi, “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazi hamda “Eriell” va “Enter Engineering” kompaniyalari hamkorligida xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbirga viloyatimizdagi vasiylik va homiylikka olingan bolalar, oilaviy hamda “SOS” mahallasi tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qandli diabet kasalligiga chalingan bolalar va ularning yaqinlari taklif qilindi.
Bayram tadbirida Qorbobo, Qorqiz hamda turli ertaklar qahramonlari ishtirokidagi teatrlashtirilgan tomoshalar murg‘ak qalb egalarini zavqli sarguzashtlarga oshno etdi.
– “Qorboboning sayyorasi” nomli teatrlashtirilgan bayram dasturi nafaqat men, balki barcha bolalarga bir olam quvonch bag‘ishladi, – dedi Farzona Rahmatova. – Turli tanlovlarda ishtirok etib, raqslarga tushdik. Bu yilgi bayram tadbirlari unutilmas bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan bayram sovg‘alari berildi.