Samarqanddagi onlayn poliklinika faoliyati bilan qiziqib, raqamlarni terdim…
Samarqand davlat tibbiyot instituti viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘magida onlayn poliklinika ishga tushirganiga ancha bo‘ldi. Ayni paytda qo‘ng‘iroqlar soni kundan kunga ortmoqda.
Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish hamda hududdagi vaziyatni yaxshilash maqsadida faoliyat ko‘rsatayotgan onlayn-poliklinikaga samarqandliklar 1105 raqami orqali murojaat qilishi mumkin.
Bugunga kelib, koronavirus pandemiyasi boshlangan ilk oylardanoq tashkil etilgan, 66 233-08-41 raqamga har kuni yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘lmoqda. Ushbu markazda avvaliga tibbiyot institutining sanoqli o‘qituvchi va talabalari ko‘ngilli sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan edi. Bugunga kelib ular safiga 30 ga yaqin tibbiyot institutining o‘qituvchi va magistrantlari qo‘shilgan. Call-markazdan farqli o‘laroq, bu yerda savollarga faqatgina umumamaliyot shifokorlari emas, balki kardiolog, nevrolog, otolaringolog, ginekolog kabi malakali mutaxassis, professor o‘qituvchilar javob beradi.
- Murojaatlar nafaqat Samarqand, balki qo‘shni Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridan ham tushmoqda, - deydi psixolog Dilorom Jo‘rayeva. – Aholidan tushayotgan savollarni tahlil qilar ekanmiz, ular kasalligidan emas, ko‘proq kasal bo‘lib qolishdan qo‘rqayotgani, depressiyaga tushayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Ularga uzoqdan amalga oshirish mumkin bo‘lgan barcha tavsiyalar aytilmoqda.
P.S. Darvoqe, qarindoshlarimdan biri yaqinda koronavirus xastaligini boshidan o‘tkazib, uyda davolangan edi. Ammo asoratlari o‘zini namoyon qilayotgani uchun bezovta bo‘ldi. Ushbu asoratlarni bartaraf etishda maslahat olish, hamda onlayn-poliklinikaning ish faoliyati nechog‘lik ekani haqida to‘liq ishonch hosil qilish uchun, yuqoridagi raqamlarga terib ko‘rdim. Ko‘p kuttirmay, mutaxassislar telefonni ko‘tardi va barcha savollarimga o‘sha paytning o‘ziyoq javob oldim.
Zamira BALTAYeVA.