Samarqanddagi tashkilot rahbari viloyat aholisiga murojaat bilan chiqdi

Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotida yurtimizdagi eng tajribali muruvvat tashkilotlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining o‘rni va salohiyati anchagina salmoqli.
Jahon miqyosida Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy Harakati tashkil etilganiga bu yil 156 yil bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil 14 noyabrda O‘zbekistonda Qizil Yarim oy jamiyatining tashkil etilganligiga 94 yil to‘ladi. Ana shu davr ichida jamiyat davlat organlarining yaqin ko‘makchisi sifatida o‘zining Nizomida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib Respublikamiz hayotining turli jabhalarida aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati o‘zining serqirra faoliyatini Respublikamiz mustaqilligi yillarida ko‘proq namoyon qilishga erishib kelmoqda. Bu narsani jamiyatning viloyatimiz tashkiloti faoliyatida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash va birinchi yordam asoslariga o‘rgatish bo‘yicha viloyat tashkiloti qoshida 127 nafar ko‘ngillilardan iborat qutqaruv guruhi tuzilib, ushbu guruhning faoliyati Respublikada namunali deb baholangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan favqulodda vaziyatlarda mahalliy darajada birinchi yordam ko‘rsatishga o‘qitish vazifasi Qizil Yarim oy jamiyati zimmasiga yuklatilgan. Viloyat bo‘yicha turli idoralar, korxonalar va muassasalarda, mahallalarda jami 2423 nafar fuqarolar birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘rgatildi. Shulardan 8 nafar fuqarolar favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatishga o‘rgatish bo‘yicha o‘qitish huquqiga ega bo‘ldi va sertifikatlar bilan ta’minlandi.
Hozirgi kunda viloyat hokimining 2019 yil 22 iyuldagi “O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining Samarqand viloyat tashkiloti tibbiy-ijtimoiy markazida aholini favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish asoslariga o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan mulkchilik shaklidan qat’iy nazar viloyatdagi mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida birinchi yordamga o‘qitish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 avgustdagi “Aholining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda mahallalar aholisini birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga o‘rgatish va “Mahalla fuqaro muhofazasi” kuchlariga uslubiy-maslahat berish ishlari olib borilmoqda.
Hozirgi kunda Xitoy Qizil Xochi ko‘magida Samarqand shahri va Toyloq tumanida bittadan mahalla tanlab olinib, ushbu mahallalarda, ular hududidagi maktablar va bolalar bog‘chalarida favqulodda vaziyatlarda qutqarish, birinchi yordam ko‘rsatishga o‘rgatish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan loyiha o‘z faoliyatini boshladi.
Viloyat tashkiloti qoshida favqulodda vaziyatlarda mahalliy darajada muruvvat yordamlarini ko‘rsatish uchun 100 oilaga mo‘ljallangan ko‘rpa-to‘shaklar va uy-ro‘zg‘or anjomlaridan iborat omborxona shakllantirilgan. Viloyatdagi tumanlar tashkilotlarida ham bu kabi omborxonalar tashkil etilmoqda.
Jamiyat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan aholini ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlari jamiyat viloyat tashkilotining “Mehr-shafqat xizmati” guruhi orqali olib borilmoqda. Doimiy ravishda jamiyat qaramog‘iga olinganlar va viloyatimizning shahar hamda tumanlarida istiqomat qilayotgan moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan 242 nafar fuqarolarga Davlat dasturida belgilangan vazifalar bilan qo‘shib hisoblaganda 77 million 346 020 so‘m miqdorida pul mablag‘lari va oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar va dori-darmonlar bilan yordamlar ko‘rsatildi.
Viloyat tashkiloti qoshidagi “Yoshlar markazi” tomonidan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti bo‘yicha uchrashuv, tanlovlar, bellashuvlarlardan iborat bo‘lgan 26 ta tadbirlar o‘tkazildi. Ularda 780 nafar talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Aholi o‘rtasida Xalqaro insonparvarlik huquqlarini targ‘ib qilish bo‘yicha 44 ta seminar va suhbatlar o‘tkazilib, ularda 1024 nafar ishtirokchilarga Jeneva Konvensiyalari va ularga Qo‘shimcha Bayonnomalar haqida ma’lumotlar berildi. Oilalarni birlashtirish bo‘yicha 23 ta xatlarga javoblar yo‘llandi.
Viloyat tashkiloti o‘zining insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan kundalik faoliyatini hozirgi kunda viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilgan 298 ta boshlang‘ich tashkilotlarining raislari va joylardagi 4828 nafar ko‘ngillilari orqali amalga oshirib kelmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari Federatsiyasining 165-a’zosi sifatida o‘zining a’zolik badallaridan iborat moliyaviy ko‘maklari vositasi bilan jahonning turli burchaklarida sodir bo‘layotgan tabiiy va texnogen xarakterdagi ofatlar, qurolli to‘qnashuvlarda jabrlanganlarga moddiy yordamini ko‘rsatib kelmoqda.
Ana shu amalga oshirilgan ishlarning barchasi jamiyat jamg‘armasiga xayriya to‘plash o‘n kunligida kelib tushgan mablag‘lar va jamiyat a’zolarining a’zolik badallari hamda o‘quv mashg‘ulotlaridan to‘plangan mablag‘lar asosida tashkil etilib kelinmoqda.
Viloyat hokimining 2019 yil 7 noyabrdagi «O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Samarqand viloyat tashkilotini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Samarqand viloyat tashkiloti jamg‘armasiga mablag‘ to‘plash o‘n kunligida ishtirok etishingizni va shu orqali jamiyatning xayrli ishlarida faol qatnashishlaringizni so‘raymiz.
M.ARIPOVA,
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Samarqand viloyat tashkiloti raisi.