Samarqanddagi tibbiyot markazlariga o‘rnatilgan technomed.uz dasturi qanday samara beryapti?
Bugungi kungacha viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi, kardiologiya dispanseri, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali, Tayloq tuman tibbiyot markazi va viloyat teri-tanosil dispanseriga technomed.uz dasturi o‘rnatildi.
Viloyat moliya bosh boshqarmasi sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy sohaning boshqa muassasalarini moliyaviy ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Dilshod Siddiqovga ko‘ra, ushbu maqsadlar uchun 1,0 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilgan. Ushbu tizim orqali shifoxonaning qabul bo‘limidan boshlab barcha bosqich xarakatlar - bemorning ro‘yxatdan o‘tishi, vrach qabuliga yozilishi, vrach tomonidan qo‘yilgan tashxis dorilar muolajalar ro‘yxati, laboratoriya javoblari, dori-darmon so‘rovnomalari qoldiqlari kabi ma’lumotlar onlayn tizimida ko‘rib borish imkoniyati yaratildi.
Ushbu dastur orqali shifoxonaning pullik tushumlari ko‘payishga erishildi. Masalan, viloyat kardiologiya dispanseriga dastur o‘rnatilmasdan oldin bir oyda o‘rtacha 1-1,3 milliard so‘m tushgan bo‘lsa, dastur o‘rnatilgandan so‘ng 2-2,3 milliard so‘m, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida dastur o‘rnatmasdan oldin bir oyda o‘rtacha 400-600 million so‘m tushgan bo‘lsa, dastur o‘rnatilgandan so‘ng 600-800 million so‘m pullik tushumlar tushirildi.