Samarqandga 4 kunda 16 ming sayyoh keldi

Viloyat turizmni rivojlantirish departamentidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan mamlakatimizda e’lon qilingan 4 kunlik dam olish kunlarida Samarqand shahriga 9350 nafar mahalliy hamda 6990 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Andijon viloyati, Baliqchi tumani hokimligining "G‘alaba" gazetasi jamoasi qadim va navqiron shaharning tarixiy obidalari, zamonaviy maskanlarini ziyorat qilar ekan, viloyat matbuot uyida ham bo‘ldi. Vodiylik hamkasblarimiz Zarafshon vohasi matbuoti tarixi muzeyi, "Zarafshon", "Samarkandskiy vestnik" va "Ovozi Samar­qand" gazetalari tahririyatlari faoliyati, binoda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

- Matbuot tarixi muzeyi - o‘rganishimiz kerak bo‘lgan tajriba ekan, - deydi "Falaba" gazetasi muharriri Shahzoda Karimova. - Zarafshon vohasi ijodiy muhiti yurtimiz matbuoti tarixida alohida o‘ringa ega ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik. Umuman, Navro‘zdagi dam olish kunlaridan samarali foydalanib, yurtimizning betakror tabiati, tarixiy obidalari va go‘zal manzaralaridan bahramand bo‘lganimiz ijodiy faoliyatimizga jo‘shqinlik bag‘ishlashi shubhasiz.

O‘z navbatida, ichki turizmni rivojlantirish hamda "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil" aksiyasi doirasida tashkil etilgan sayohat davomida "Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati xodimlari Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridagi tarixiy maskanlar va diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilib qaytdi.

Jamoa vodiy aholisining samimiy va mehnatkash odamlari bilan suhbatlashdi, boy madaniy merosi haqida ma’lumotlar oldi, o‘ziga xos, xushmanzara tabiatiga guvoh bo‘ldi.

Hamkasblarimiz taassurotlari haqida gazetamizning keyingi sonlarida o‘qishingiz mumkin.