Samarqandlik 71 yashar Shodiqul bobo hajga velosipedda bormoqchi. Sheriklar bormi?
Chorvoqqa!
Shodiqul bobo 2011 yilda shogirdi bilan Samarqanddan Nukusgacha velosipedda borgan, kam emas-ko‘p emas 1 400 kilometrni bosib o‘tgan. Undan tashqari ko‘plab manzillarga velosayohat uyushtirgan. Asli kasbi haydovchi bo‘lgan, ora-sirada velosport bilan shug‘ullangan otaxonni yana yo‘l chorlamoqda.
Termizga ketayotib
- Men to‘rt devor orasida o‘tirolmayman. Bugun ham tog‘dan qaytyapman. Ikki ming metr balandlikka piyoda ko‘tarildik, ikki kun dam olib qaytib tushdik. Hayot pul yig‘ishdan iborat emas-ku, sayohat bu – boylik. Har kuni masjidga boraman, obodonlashtirish ishlariga yordam beraman, unikiga boraman, bunikiga boraman, bunaqasi bo‘lmaydi-da endi. Ko‘raman, "Keksaman", deb yo uyida o‘tiradi yo ma’rakama-ma’raka yurishadi. Odamda oliy maqsad bo‘lishi kerak, bemaqsad yashab bo‘lmaydi” - deydi u.
Kitob yo‘lida...
Shodiqul Egamberdiyevning oliy maqsadi – Hajga velosipedda borish. Yolg‘iz emas, sheriklar bilan. Ka’ba ziyorati qanchalik muhim bo‘lsa, muqaddas joyga sayohatning o‘zi ham shu qadar ahamiyatli, degan fikrda Shodiqul bobo. Chunki sayohat davomida inson o‘zini kashf etar, o‘zligini teranroq anglashni boshlar ekan.
Alvasti ko‘li. Qashqadaryo viloyati.
- Velosport, avvalambor, sog‘liq uchun yaxshi. Sheriklar bilan yo‘lda hayot haqida suhbat qurish, yangi joylarni ko‘rish va anglash qanday zavqli. Sayohatimizning yana bir maqsadi – turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish. Boshqa mamlakatlarga o‘tsak, kimsan deb so‘rashadi. Shunda biz O‘zbekiston haqida aytib beramiz, qiziqishi oshmaydimi?
Beruniy shahri. Qoraqalpog‘iston Respublikasi.
Shodiqul bobo 50 kishicha yig‘ilsak, O‘zbekistondan Turkmanistonga, keyin Eron, undan keyin Saudiya Arabistoniga o‘tsak, degan niyatda. Yo‘lda ikki avtobus kuzatsa, biri – oshxona, ikkinchisi – yotoqxona vazifasini o‘taydi. Kuniga 100 kilometr o‘tib, kechga yo‘l chetida avtobusda dam olaverishadi.
- Kim istasa, menga sherik bo‘lsin. Avvalambor, sheriklar bilan jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Buning uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat uyushtiramiz. Ularni tekshirib ko‘raman, ular aqlan, ruhan, jismonan tayyor bo‘lishi kerak. Men-ku kuniga 100 kilometr yo‘lni bosib o‘tishga tayyorman, boshqalarni bilmayman-da! Tayyor bo‘lsak, kelasi yil Ramazon oyidan keyin yo‘lga chiqamiz, - deydi Shodiqul bobo.
Samarqanddagi Bog‘ibaland mahallasida Shodiqul boboni velosipedsiz deyarli ko‘rishmaydi. Otaxon har kuni ertalab unda sayr qiladi. Kun davomida ham temir toychog‘ini bir g‘ildiratib keladi. Uzoq sayohatga chiqadigan bo‘lsa, do‘sti – Volodya Germaniyada tayyorlangan ehtiyot qismlaridan maxsus velosiped yasab berishga va’da qilgan.
Shodiqul boboning birgina umidi tegishli idoralar mutasaddilaridan. Ular qo‘shni mamlakatlarga velosipedda o‘tishni qonuniy rasmiylashtirishda yordam bersa bo‘lgani.
F.MELIBOYeV.