Samarqandlik akusher-ginekolog xatosi uchun jazolandi

Anora Fozilova (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) 1981 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. Samarqand shahridagi tug‘ruq majmuasida akusher-ginekolog vazifasida ishlagan. Unga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi “tilxat” ehtiyot chorasi qo‘lanilgan. U ushbu ayblov xulosasi nusxasini 2019 yil 10 iyul kuni olgan.

Sud ishida shu tafsilotlarning o‘ziyoq odamni o‘yga toldiradi. Bu ojiza nega sudning qora kursisida?

Aniqlanishicha, 2018 yil 15 noyabr kuni A.Fozilova o‘zi ishlagan tug‘ruq majmuasida farzand ko‘rgan A.Amirqulovaning davolovchi shifokori sifatida uning umumiy ahvolini to‘g‘ri va to‘liq baholab, tug‘ruqdan so‘ng boshlangan metroendometritni o‘z vaqtida aniqlab, kombinatsion antibiotik terapiyasi, gemotransfuziyani o‘z vaqtida bajarishi lozim bo‘lgan. Biroq o‘z kasbiga nisbatan beparvolik va insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli, o‘z vazifasini bajarmasdan A.Amirqulovaning qon bosimi va tana haroratini o‘lchash hamda og‘riq qoldiruvchi “Deklofenak” tibbiy muolajasini amalga oshirish bilan chegaralangan. Oqibatda 2018 yil 19 noyabr kuni ayolning umumiy ahvoli og‘irlashib, jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilishiga qaramasdan, vafot etgan. Ya’ni, tibbiy yordam ko‘rsatishdagi yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar sabab bir ayol farzandini dunyoga keltirib, olamdan o‘tgan.

Shundan so‘ng A.Fozilova o‘zining sodir etgan jinoiy qilmishini anglab, aybini yashirish va jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida (haqiqatda bemorga tug‘ruqdan keyingi bo‘limda antibiotik terapiya muolajalarini davom ettirishni tavsiya qilmagan) bemorga bajarilmagan bo‘lsa-da, tug‘ruqlar bayonnomasi (poslerodoviy period) varag‘idagi ma’lumotlar orasiga qo‘shimcha yozuvlar kiritib, tibbiy hujjatni qalbakilashtirgan.

Marhumaning qaynonasi bergan ko‘rsatmalarga ko‘ra, turmush qurganiga bir yil bo‘lgan kelini homilador vaqtida doimiy qishloq vrachlik punktida ko‘rikdan o‘tib turgan. Uni tug‘ruq majmuasiga olib kelishganida ko‘p kuttirmay, chaqoloq qilgan. Biroq ikkinchi kuni kechasi bilan sovqotib chiqqanligi, sog‘lig‘i yomonlashayotganidan shikoyat qilgan. Vrachlarga bu haqda aytganida tekshirib, natijalarini aytishlarini bildirishgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, “appenditsit” ekan, deb dori va tibbiy vositalar ro‘yxatini qo‘liga tutqazishgan. Ammo ...

Bu hodisa yuz bergan vaqtda turli shov-shuvlar va gap-so‘zlarga sabab bo‘lgandi. Bir jihat kishini o‘yga toldiradi. Bundan barcha tug‘ruq majmualarida tegishli xulosaga kelindimikan?

Albatta, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ochiq sayyor sud majlisida tegishli hukm chiqarildi. Unga ko‘ra, sudlanuvchi A.Fozilova uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni tibbiyot muassasalarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchining yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 6:00 gacha chiqishi cheklanib, muayyan joylarga bormaslik, uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, alkagolli ichimliklar iste’mol qilmaslik, viloyat hududini tark etmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklatildi.

M.TO‘XTAYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.

F.SAMATOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.