Samarqandlik bankirlar o‘rtasida sport musobaqalariga start berildi

Avval xabar qilganimizdek, Markaziy bankning Samarqand viloyat bosh boshqarmasi tashabbusi bilan “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal” tamoyili asosida viloyat bank tizimi xodimlari o‘rtasida kitobxonlik va sport-sog‘lomlashtirishni keng ommalashtirish maqsadida “Oliy tafakkurda sarhad yo‘q” shiori ostidagi intellektual va sport musobaqalariga start berildi.

Bugun – 9 iyul kuni ushbu musobaqalar doirasida Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida “Markaziy bank kubogi-2019” musobaqasining stol tennisi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi, inkassatsiya boshqarmasi hamda viloyatdagi 18 ta tijorat banklarida faoliyat yuritayotgan 40 nafar xodim o‘zaro bellashdi.

Bahslar juda shiddatli va murosasiz tarzda kechdi. Yakunda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, «Oriyent finansbank», Ipak yo‘li bankining «Umar» mintaqaviy filiali, «Ipotekabank», «Agrobank», «Aziya alyans bank» xodimlari samarqandlik bankchilar orasida stol tennisida tengsiz ekanliklarini ko‘rsatishdi.

Ayni paytda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi katta zalida 100 nafardan ziyod bankchilar o‘rtasida shaxmat va shashka bo‘yicha 64 ta katakchalar ustida qizg‘in “yurish”lar bo‘lib o‘tmoqda.