Samarqandlik boshqirdlar barcha jabhada faol bo‘lishga intiladi

O‘zbekistonda tinch va totuv hayot kechirayotgan turli millat vakillari qatori boshqird millatiga mansub aholi ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bugungi kunda ular Tatar-boshqird milliy madaniy markaziga birlashgan holda o‘z tarixi, tili, qadimiy urf-odatlari hamda milliy liboslarini asrab-avaylab kelmoqda. Har yili Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarida Tatar-boshqird milliy madaniy markazining ijodiy jamoasi tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar namoyish etib kelinmoqda.

Bu haqda yaqinda viloyatimizga kelgan Boshqirdiston Prezidenti Radiy Xabirov rahbarligidagi rasmiy delegatsiya a’zolarining yurtimizda istiqomat qiluvchi boshqird diasporasi vakillari bilan uchrashganida alohida ta’kidlandi. Qardosh davlat rahbari O‘zbekistonda yashab, mehnat qilayotgan millatdoshlarining turmush tarzi, hayoti, milliy san’ati va madaniyatini saqlab kelayotganligidan mamnunligini bildirdi. 

Tashrif doirasida Boshqirdiston va O‘zbekiston milliy kutubxonalari, F.Gaskarov nomidagi Davlat akademik xalq ansambli va O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Boshqirdiston Milliy muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Boshqirdiston Prezidenti bir guruh o‘zbekistonlik bashqirdlar qatori menga ham faxriy yorliq va esdalik sovg‘asini topshirdi. 

Mehmonlar uchun tashkil etilgan ikki respublika san’at ustalari va ijodiy jamoalarining “Yurakdan yurakka” deb nomlangan qo‘shma konsertida Boshqirdiston va Tatariston xalq artisti, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Davlat Xor kapellasi solisti Feruza Xaldarova ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.

Ahmed Subhonqulov,

viloyat tatar-boshqird milliy madaniy markazi rahbari.