Samarqandlik olimga Rossiyada “Ustoz bolalar vrachi” mukofoti berildi

23-25 oktyabr kunlari Moskva shahrida akademik Yu.Veltishev nomidagi pediatriya va bolalar xirurgiyasi ilmiy-tadqiqot klinik instituti tomonidan “Pediatriya va bolalar xirurgiyasida innovatsion texnologiyalar” mavzusida kongress o‘tkazildi.

Forumda keng doiradagi bolalar kasalliklarining diagnostikasi, ularni davolash hamda oldini olish sohasidagi so‘nggi ilmiy ishlanmalar, shuningdek, keng qamrovli klinik misollardan foydalangan holda davolashning an’anaviy va zamonaviy usullari haqida so‘z yuritildi.

23 yildan buyon har yili o‘tkaziladigan mazkur ilmiy anjumanda Samarqand davlat tibbiyot universiteti vakillari ham ishtirok etdi.

Kongress doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-son bolalar xirurgiyasi kafedrasi professori Azamat Shamsiyevga Rossiyada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi A.Kisel nomidagi “Ustoz bolalar vrachi” mukofoti berildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu mukofot shu paytgacha faqat rossiyalik bolalar jarrohlariga berilgan va Azamat Shamsiyev mazkur mukofot bilan taqdirlangan ilk xorijlik olim bo‘ldi.

Bugungi kungacha professor A.Shamsiyev Rossiyaning akademik A.Vishnevskiy nomidagi oltin medal sohibi hamda professor V.Nemsadze mukofoti laureati bo‘lgan.