Samarqandlik psixolog ilgari surgan loyiha respublikada e’tirof etildi

Samarqandda Xalq ta’limi vazirligi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi bilan hamkorlikda Respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
“Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik xizmat samaradorligini oshirish muammolari va yechimlari” mavzusida o‘tkazilgan ikki kunlik anjumanda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi psixologi Xurshid G‘oziyev “Fanlarni o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilarda muammolarning sabablari va ularga yordam ko‘rsatish” mavzusidagi loyihasini taqdim etdi.
— Ushbu loyiha doirasida ta’lim olishda qiyinchiliklarga duch kelgan o‘quvchilar bilan ishlashning kompleks tizimi yaratilib, aniq vazifalar belgilab olindi, — deydi X.G‘oziyev. — Shu asosda umumta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan 2141 nafar psixologlar uchun yaratilgan maxsus qo‘llanmani barcha ta’lim muassasalariga yetkazishni maqsad qildik.
Mazkur loyiha mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari tomonidan yuqori baholanib, X.G‘oziyev Respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkilotchilarining diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.