Samarqandlik shifokor va ijodkor Zayniddin Normanga Dubaydagi olimpiadada tashkilotchilari qanday noma yuborgan?

Asli kasbi shifokor bo‘lgan Zayniddin Normanni ko‘pchilik taniydi. Zayniddin Norman tibbiyot sohasida bemorlar dardiga shifo topib, elda hurmat qozonish bilan birga, ilmiy tadqiqot ishlarida ham faoliyat yuritib, Tibbiyot fanlari nomzodi degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan.

Ham ilmiy, ham badiiy sohada ijod qilish kamdan-kam insonlarga nasib etadi. Zayniddin Norman serqirra iste’dod sohibi. U shoir sifatida ham xalq orasida tanildi va e’tibor topdi.

Yaqinda Dubay shahrida Fan, ta’lim, texnologiya va san’at yo‘nalishlarida 1- olimpiada o‘tkazilib, unda 60 ta davlatdan 479 nafar kishi onlayn ishtirok etdi. Ular orasida Zayniddin Norman ham bor edi va u o‘z iqtidori bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Asarlar fan va ta’limning 36 ta, san’atning 6 ta turi bo‘yicha namoyish etildi. Baholovchi hakamlar orasida 27 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari ham bor edi.

Olimpiada tashkilotchilari nomidan Zayniddin Normanga: "Sizning Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Fan, ta’lim, texnologiya va san’at bo‘yicha 1-olimpiada o‘yinlaridagi ishonchli g‘alabangiz bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz va bundan keyingi ilmiy faoliyatingizda yanada ulkan zafarlar tilaymiz! Siz Olimpiada chempionisiz, mamlakatingiz va Universitetingiz faxrisiz!" deya bitilgan tabrik xati e’tiborimizni tortdi!

Zayniddin Norman ilm-fan taraqqiyotiga, badiiy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, mamlakatimiz nomini dunyoga taratayotgan olim va ijodkorlarimizdan biri.

Hasan ALMAT.