Samarqandlik tadbirkor norasmiy faoliyat yuritayotgan uy-mehmonxonalardan norozi yoki «bir kecha ming kecha emasku», deb arzoniga uchayotganlar
Keyingi kunlarda shaharlarimizda mahalliy sayyohlarning ko‘payayotganini, ayniqsa, samarqandliklar yaxshi his qilayotgan bo‘lsa kerak. Tabiiyki, bu holat turizm bilan bog‘liq barcha sohalarda o‘zgarish bo‘lishini taqozo qiladi. Sababi, sayyoh ko‘paygani sari xizmat ko‘rsatish shoxobchalarga ehtiyoj ham ortib boradi. Agar tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, boshqa viloyatlardan Samarqandga kelgan sayyoh o‘rtacha kamida ikki kun vaqtini ushbu shaharda o‘tkazishni istaydi. Ayniqsa, kichik guruhlarda, 10 kishidan oshmagan jamoa bilan kelganlar. Oilaviy kelganlar ham xuddi shunday. O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular uchun Samarqanddagi yirik mehmonxonalarda joylashish ancha qimmatlik qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, «tadbirkorlar» bunday sayyohlardan yaxshigina daromad olishini anglab qoldi. Hozir, ayni sayohatga qulay bo‘lgan oylarda Samarqanddagi Registon maydoni atrofiga chiqsangiz, boshqa viloyatdan kelgan mahalliy aholiga uy taklif qilayotgan shovvozlarni uchratasiz. Ularning aksariyati o‘z xizmatini rasmiylashtirmagan. O‘tgan yildan boshlab, xonadonlardan birida uy-mehmonxona tashkil qilgan tadbirkor bu holatdan noroziligini bildirib, tahririyatga murojaat qildi.
- Berilgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘tgan yili uy-mehmonxona tashkil qildim, - deydi Nodir Xoliqulov. – Tabiiyki, rasman ro‘yxatdan o‘tganimdan so‘ng soliq to‘layman, kommunal to‘lovlarim ham oddiy to‘lovlardan farq qiladi. Ammo atrofimdagi o‘nlab uylar ham shu xizmatni norasmiy tarzda bajarmoqda. Tabiiyki, u taklif etayotgan narx menikida ancha arzon bo‘ladi. Deylik, bir kunga bir mehmonga joy berishni men 30 ming so‘m deb belgilasam, norasmiy faoliyat yurituvchilar 10 ming so‘mga ham rozi bo‘lib, sayyohlarni jalb qiladi. Boshqa viloyatdan kelib, Samarqandni tomosha qilsak bo‘ldi-da, bir kecha ming kecha emasku, deya bunga rozi bo‘layotganlar ham ko‘p. Xo‘sh, endi ayting, menga o‘xshab, rasman ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bu holatni ko‘rib, noqonuniy ishlaganim yaxshiroqku, degan fikrga bormaydimi?
Mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, ya’ni ularga samarqandliklar tomonidan yotoq joylar taklif qilish avj olmoqda. Ammo mehmonning xavfsizligini kim ta’minlaydi? Qolaversa, o‘sha yerda yashovchi kishilarning maqsad-muddaolarini ham bilish mushkul. Norasmiy uy-mehmonxonalarga, avvalo, aholining o‘zi joylashayotgani masalani murakablashtirsa-da, ammo bu masalada jiddiy choralar olib borish lozim, nazarimizda.