Samarqandlik tadbirkor Umar bilan bog‘liq jinoiy ishning dastlabki tafsilotlari

Samarqand shahrida ko‘p yillardan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan «Umar» qurilish kompaniyasiga rahbarlik qilgan yirik tadbirkor Umar Rajabov qamoqqa olingani haqida xabar bergan edik.

Umar Rajabov bilan birga bir guruh shaxslar ham ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

«Umar» kompaniyasi tomonidan qurilgan uylar Samarqandning tarixiy qismida, YuNESKO muhofazasidagi hududda joylashgani tufayli buzilishi boshlangach, bu uylarga oldindan buyurtma berganlar pullarini qaytarishni talab qila boshlagan. Umar Rajabov va uning xodimlari ana shunday shikoyat xatlari asosida qo‘lga olingan hamda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ish yurituvida Radjabov Olim Xatamovich, Radjabov Ruslan Olimovich, Ablaqulov Shavkat Axrorqulovich, Adilov Miralam Irkinovich va Fayziyev Fayzullo Ulmasovichlar jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblanib, sudlanuvchilarning mazkur jinoyatlarga aloqadorligi sudya Z.Axmedova raisligidagi ochiq sud majlisida tekshirilmoqda.

Hozirgi kunga qadar barcha sudlanuvchilar va 36 nafar jabrlanuvchilar so‘roq qilingan.

Xususan, jabrlanuvchi Voronina Darya sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini bayon qilgan.

Jabrlanuvchi Narziqulova Ozoda ham sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini, uyi buzilishi haqidagi qarordan norozi ekanligini bildirgan bo‘lsa, jabrlanuvchi Zoxidov Nodirning qonuniy vakili Zoxidov Sobir sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini, mazkur uyni buzilishi to‘g‘risida chiqarilgan qarordan norozi ekanligini va qaror chiqargan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Yana 8 nafar jabrlanuvchi sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini, uylarining egalik huquqini berilishini so‘ragan.

Jabrlanuvchi Uvaydilloyev Nematillo unga tegishli bo‘lgan uy to‘liq bitmaganligini, sudlanuvchilarga nisbatan da’vosi yo‘qligini, biroq uy to‘liq bitkazib berilishini talab qilgan.

Bir nafar jabrlanuvchi esa shartnomalar asosida unga tegishli bo‘lishi kerak bo‘lgan xonadonlarni to‘liq shartnoma asosida ta’mirlab, kadastr va boshqa tegishli hujjatlar tayyorlab berilishini, shundan so‘nggina da’vosi bo‘lmasligini bildirgan.

To‘rt nafar jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararni, yana sakkiz nafar jabrlanuvchi ularning uylariga egalik huquqi berilmaydigan va uy buziladigan bo‘lsa, to‘lagan pullarini undirib berishni so‘ragan.

Shuningdek, 6 nafar jabrlanuvchi keyingi sud majlislarida ishtirok etishini, yana ikki nafar jabrlanuvchi da’vosi bor yoki yo‘qligini keyingi sud majlisida bildirishini bayon qilgan.

Bundan tashqari, so‘roq qilinganda Ergashev Suxrob Isroilovich mazkur uyning 7-qavatidan 5-blok 5-pod’yezddan 5 xonali uy (161 m.kv.) sotib olish uchun jami 289 mln. 800 ming so‘mga kelishganligi va 2015 yil 7 avgust kuni shartnoma onasi S.Ibragimova hamda bosh direktor O.Rajabovlar o‘rtalarida tuzilganligi va jami 62 ming 850 AQSh dollari miqdoridagi pullarni O.Rajabov, M.Adilov va Sh.Ablakulovlarga berganligi, shundan so‘ng "OLX UZ" kanalidan xuddi shu pod’yezdda 84 m.kv. qo‘shni uy sotilayotganligini ko‘rganligi va qo‘ng‘iroq qilib sotayotgan Ergashev degan fuqarodan aniqlik kiritganligi va unga borib uchrashganligi, Ergashevga mazkur uyni sotib olish uchun pul berganligi, Ergashev uni sudlanuvchi Sh.Ablakulov bilan uchrashtirganligi va "Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni" o‘rtalarida shartnoma tuzilganligi, ayni vaqtda mazkur xonadon fuqaro Rohat Vohidovatga ham sotilganligini eshitganligi va bunga hayron qolganligi, keyingi sud majlislarida advokat bilan birga kelishini bildirgan.

Sud majlisi 2019 yil 29 iyul kuni soat 10:00 ga qoldirilgan.

O‘.MAMADALIYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari.