Samarqandlik tadbirkorlar Ufada biznes-forum o‘tkazadi
Viloyat hokimi E.Turdimov Boshqirdiston Respublikasi savdo va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat qo‘mitasi raisi Aleksey Gusev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Viloyat hokimligida o‘tgan uchrashuvda Samarqand va Boshqirdiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
E.Turdimov 2019 yil dekabr oyida Samarqand viloyati delagatsiyasining Boshqirdistonga tashrifi samarali bo‘lganini qayd etib, safar chog‘ida imzolangan 23 million dollarlik eksport shartnomalari joriy yilda muvaffaqiyatli amalga oshishiga ishonch ta’kidladi. Shuningdek, ikki tomonlama manfaatli aloqalar turli sohalarda ham izchil rivojlanib borishiga umid bildirdi.
Uchrashuvda Aleksey Gusev boshqirdistonlik rahbar va tadbirkorlarning Samarqandga bu galgi tashrifi nafaqat qishloq xo‘jaligida klasterlar tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, balki bog‘dorchilikni o‘rganishda mutaxassislarning yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yishga qaratilganini ta’kidladi. Bu borada viloyatimizda to‘plangan tajriba e’tirof etildi.
Mehmonlar joriy yilning mart oyida Boshqirdistonda o‘tkaziladigan agrosanoat forumida samarqandlik tadbirkorlarning ham ishtirok etishini hamda Ufada viloyat vakillarining biznes-forum o‘tkazishini taklif qildi.
E.Turdimov ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
B.MUSTANOV.