Samarqand va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 36,5 million AQSh dollariga teng. Bu kammi, ko‘p?

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Ukraina ishbilarmonlaridan iborat delegatsiya Samarqandda bo‘lib, mahalliy tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan biznes-forumda ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida qatnashgan Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov, Ukraina tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Yevgeniy Yenin, Ukraina Savdo-sanoat palatasi prezidenti Gennadiy Chijikov, O‘zbekiston – Ukraina ishbilarmonlar kengashi hamraisi Oleg Revchuk va boshqalar O‘zbekiston – Ukraina o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yil sayin kengayib borayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Jumladan, marosimda Samarqand viloyati salohiyati, mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot bergan J.O‘roqov Ukraina bilan hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib o‘tdi.

– O‘zbekiston va Ukraina ijtimoiy, iqtisodiy hamkorlik aloqalarini mustahkam yo‘lga qo‘ygan hamkor davlatlar hisoblanadi, – dedi J.O‘roqov. – Biz Ukrainani boy tarixga, har tomonlama yuksak salohiyatga ega mamlakat sifatida bilamiz. Va bu har tomonlama o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratadi. Bevosita raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ayni paytda Samarqandda 6 ta Ukraina kapitali asosida tashkil etilgan qo‘shma korxona faoliyat yuritadi.

2020 yilda Samarqand va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 36,5 million AQSh dollarini tashkil etgan. Albatta, bu ko‘rsatkichlar har ikkala tomonning bugungi kundagi salohiyatiga mos emas. Shuning uchun mazkur forum tashkil etilmoqda. Samarqand bugun xorijlik investorlar uchun o‘zaro manfaatli loyihalarga har tomonlama yetarli sharoitlarni yaratib berishga tayyor.

Viloyatning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, konchilik, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati kabi qator yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlari juda yuqori. O‘ylaymanki, bugungi forum har ikkala tomon ishbilarmonlari uchun samarali bo‘lib, o‘zaro hamkorligimiz yanada rivojlanadi. Kelgusida hamkorlikdagi loyihalarimiz soni ortib boradi.

O‘z navbatida ukrainaliklar ham o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, Samarqandni poytaxt Toshkentdan keyingi yuqori salohiyatli hudud bilishlarini qayd etishdi.

– Biz o‘zaro hamkorlik borasida Toshkent bilan juda yaxshi aloqaga egamiz, – deydi Ukraina Savdo-sanoat palatasi prezidenti Gennadiy Chijikov. – Poytaxtda o‘tgan muzokaralar davomida hamkorlikni mustahkamlash, rivojlantirish borasida tegishli memorandumlarni imzoladik. Endi O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan ham hamkorlikni kuchaytirish tarafdorimiz.

Shu boisdan ellikka yaqin nufuzli kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya bilan Samarqandga tashrif buyurdik. Biz bilamizki Samarqand qadimdan savdo-iqtisodiy jihatdan muhim hudud hisoblangan. Uning bu boradagi salohiyati bugun ham kam emas. Bunga mas’ullarning ma’lumotlarini eshitib yana bir bor amin bo‘ldik. O‘ylaymanki, ushbu forum Samarqand va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi.

Forum davomida har ikki tomon ishbilarmonlari o‘zaro fikrlashib, hamkorlik bo‘yicha takliflarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

- Faoliyatimiz dukkakli mahsulotlarni saralab, qadoqlab xorijga eksport qilish bilan bog‘liq, - deydi forum ishtirokchisi, “Samarqand Golden Chickpeas” oilaviy korxonasi rahbari Amir Rahmatullayev. – Bugungi kunda qo‘shni davlatlardan tashqari Rossiya, Germaniya, Kanada mahsulot eksportini amalga oshirib kelayapmiz.

Forum doirasida Ukrainaning «Kravchenko A.N» korxonasi vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokara o‘tkazdik. Ular quritilgan no‘xat va mevalarga qiziqish bildirishdi. Hamkorlikning dastlabki shartlari haqida kelishdik va mahsulotlarimizdan namuna olib ketishdi. Yaqin kunlarda hamkorligimiz rasman kuchga kiradi, deb o‘ylayman va korxonamizning eksport geografiyasi kengayib, Ukrainaga ham yurtimiz mahsulotlari yetib boradi.

Forum doirasida ikki tomon ishbilarmonlari qator kelishuvlarga erishdi. Delegatsiya a’zolari tashrif davomida Samarqand shahridagi ishlab chiqarish korxonalari va diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.

G‘.Hasanov,

A.Isroilov (foto).