Erkinjon Turdimov Lombardiyaga taklif etildi
Mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiya 23 noyabr kuni Samarqandga keldi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov mehmonni qadimiy va hamisha navqiron Samarqandga tashrifi bilan qutlab, bu uchrashuv Samarqand va Lombardiya viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun dadil qadam bo‘lganligini ta’kidladi. Shuningdek, viloyat rahbari Samarqandning iqtisodiy imkoniyatlari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi hamda bu borada Lombardiya bilan hamkorlik qilish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini qayd etdi.
Attilio Fontana ham yurtimizga tashrifi har tomonlama samarali bo‘layotganini qayd etib, jumladan, Samarqand viloyati bilan ilmiy-texnikaviy, zamonaviy innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Ikki viloyat o‘rtasidagi aloqalarni izchil yo‘lga qo‘yish uchun Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va viloyat ishbilarmonlarini Lombardiyaga taklif qildi.
Attilio Fontana Samarqandga tashrifi davomida “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Shuningdek, viloyat mahalliy ishlab chiqaruvchilarining “Made in Samarkand” milliy ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.