Samarqandlik to‘qqiz nafar tadbirkorga "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bugun, 17 avgustda qabul qilingan "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida"gi farmoyishi bilan aholi farovonligini ta’minlashga munosib hissasini qo‘shayotgan faol tadbirkorlar taqdirlandi.
E’tiborlisi, ulardan 9 nafari samarqandlik.
Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi “Shirin” shaharchasini barpo etish direksiyasi markazida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Prezident farmoyishi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ushbu ko‘krak nishoniga munosib ko‘rilgan bir guruh tadbirkorlarga mukofotlarni topshirdi.
- Bu e’tirofni viloyatimizda tadbirkorlik muhitiga berilgan baho deb bilaman, - deydi Oqdaryo tumanidagi «Pichoqchi Dry Fruits» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Tolibxon Abdujalilov. -
Eksportyor korxonalarga berilayotgan imtiyozlar faoliyatimizda katta o‘zgarishlarga imkon yaratdi. Shuning hisobiga bugun korxonamizda doimiy va kasanachilik asosida 1500 fuqaro ish bilan band.
Sulaymon Mardiyev,
Husan Eltoyev foto.