Samarqandlik xususiy tadbirkor qo‘shnisini o‘ldirish uchun qotil yolladi
Aniqlanishicha, 2017 yil avgustda ikki o‘rtada janjal bo‘lib o‘tgan va qo‘shniga sud hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jazo tayinlangan. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qo‘shnisiga nisbatan nafrati oshgan tadbirkor undan qasd olish maqsadida odam o‘ldirishga moyil shaxsni yollab, uni qasddan o‘ldirish rejasini tuzgan.
U buning uchun Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) va boshqa moddalari bilan sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni o‘tagan tanishidan yollanma qotil topib berishni so‘raydi. Avvaliga rozi bo‘lmagan yigit tanishining niyati jiddiyligini bilgach, rozi bo‘ladi. Lekin sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyatning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.
Iz qoldirmaslik maqsadida yollanma qotillar bilan tanishi orqali gaplashishni reja qilgan tadbirkorning qing‘ir rejasi yakuniga yetmadi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tezkor tadbiri bunga yo‘l qo‘ymadi. Qo‘shni erkak grim yordamida qotillik oqibatida o‘ldirilganligini tasdiqlovchi fotosuratlarni tayyorlaydi. Fotosuratlarda qo‘shnisining o‘lganini ko‘rgan tadbirkor yollanma qotil uchun kelishilgan mablag‘ning yarmini tanishiga berayotganda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olinadi.
Turli vajlar bilan jinoiy javobgarlikdan qutulib qolishni o‘ylagan tadbirkor yigit qilmishi hamda to‘plangan dalillar bilan isbotlangan, deb topildi.
Unga ishtirokchilikda odam o‘ldirishga suiqasd qilgani uchun 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Abduhakim Oltiboyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisining o‘rinbosari.