Samarqandlik ziyoratchilar muqaddas safarga yo‘l oldi

Alloh taologa beadad shukurlar bo‘lsinki, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va mo‘min-musulmonlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida har yili minglab hamyurtlarimiz islomning beshinchi arkoni bo‘lmish muqaddas haj amalini ado etish baxtiga muyassar bo‘lmoqdalar.

Shu kunlarda Samarqand zaminida o‘zgacha bir shukuh, o‘zgacha bir fayz va ilohiy nur hukmron. Kuni kecha ko‘zlarida quvonch yoshi, qalblarida Allohning baytiga bo‘lgan cheksiz sog‘inch va ehtirom bilan samarqandlik ziyoratchilarimizning dastlabki guruhlari muqaddas Madinai munavvara sari yo‘lga chiqdilar. Samarqand xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan tantanali kuzatish marosimida nafaqat ziyoratchilar, balki ularning yaqinlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, bu xayrli safarning naqadar ahamiyatli ekanini yana bir bor his qildilar.

Ertalab “Samarqand-Madina” yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan birinchi aviareys bilan 360 nafar, kunning ikkinchi yarmida esa yana 180 nafar, jami 540 nafar hamyurtimiz muborak zaminga yo‘l oldilar. Bu shunchaki oddiy safar emas, balki inson ruhiyatining poklanishi, nafs tarbiyasi va Yaratganning rizoligini izlab qilinayotgan buyuk bir ibodatdir. Zero, Alloh "Odamlardan yo‘lini topganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdir” ("Oli Imron" surasi, 97-oyat) deya qodir bo‘lgan musulmon uchun umrida bir marta haj qilishni farz qildi.

Joriy "Haj-2026" mavsumida viloyatimizdan jami 940 nafar fuqaro muqaddas ziyoratga borishi belgilangan bo‘lib, ularning xavfsiz va qulay sharoitlarda ibodat qilishlari uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.

Ziyoratchilarimiz uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar tashkil etilgani, malakali tibbiyot xodimlari va tajribali ishchi guruhlarining biriktirilgani yurtimizda inson qadri naqadar baland ekanidan dalolat beradi. Marosim davomida otaxon va onaxonlarimiz bilan suhbatlashganimizda, ularning duoga ochilgan qo‘llarida faqat ezgu tilaklar, qalblarida esa shukronalik tuyg‘ulari barq urganiga guvoh bo‘ldik. Ular muqaddas Makka va Madina shaharlarida, Ka’batulloh qarshisida va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzai mutahharalarida turib, avvalo, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va farzandlarimiz kamoli uchun duo qilishlarini izhor etdilar. Zero, haj — bu duolar ijobat bo‘ladigan, qalblar eriydigan va butun dunyo musulmonlari birdamlikda Yaratganga munojot qiladigan ulug‘ maskandir. Biz safarga otlanayotgan aziz hamyurtlarimizga Allohning mehmoni bo‘lishdek yuksak sharafga munosib bo‘lib, safar davomida sabr-toqatli va xushmuomala bo‘lishni, har bir daqiqani g‘animat bilib, ibodatga bag‘ishlashni tayinladik.

Mana, kecha xabar qilishdi: “Haj – 2026” ishchi guruhi rahbari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda mahalliy mutasaddilar SAudiya Arabistonining Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Ta’kidlashlaricha, ushbu muborak maskanlardagi ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar, qulayliklar va infratuzilmalar o‘tgan yillarga nisbatan bir necha baravar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan.

Jumladan, O‘zbekiston tomonining talablariga ko‘ra, ziyoratchilar haj kunlarida ko‘p vaqt toat-ibodatda bo‘ladigan Mino vodiysidagi chodirlar to‘liq gipsokarton bilan o‘raldi, har biriga zamonaviy freonli konditsioner o‘rnatildi va yuklar uchun alohida tokchalar qilingan. Yangi chodirlar gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va ikki qavatli qo‘shimcha yuvinish xonalari ham qurilgan. Avvalgi chodirlar matosi va markazlashgan sovutish tizimi jazirama kunlarda yetarli haroratni saqlolmas edi.

Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatilgan. Mazkurlarda to‘shak, yostiq-choyshablar va har bir hoji uchun soyabon, sanitariya-gigiyena vositalari jamlanmasi tayyorlab qo‘yilgan. Shuningdek, mazkur hududlarda uch mahal issiq ovqat tarqatish, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.

Hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlangan.

Bugun Samarqand viloyati vakilligi nomidan barcha ziyoratchilarimizga safarlari bexatar bo‘lishini, ibodatlari nuqsonsiz ado etilib, Vatanimizga sog‘-salomat, ma’naviy yuksalgan holda qaytib kelishlarini tilaymiz. Ilohim, ularning hajlari mabrur, duolari mustajob bo‘lib, yurtimizga Alloh taoloning inoyati ila fayzu baraka olib kelsinlar. Bunday muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish ishtiyoqida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizga ham shunday ulug‘ kunlar nasib etishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.

Ahmadxon Alimov,
viloyat bosh imom xatibi.