Samarqandliklar “Maroqand obod” xizmatidan rozimi?
Viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Maroqand Obod” davlat unitar korxonasi mas’ullari korxona faoliyati va qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.
“Maroqand Obod” DUK 2017 yildan boshlab Samarqandda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Biroq hamkorlikdagi sa’y-harakatlarga qaramasdan sohada ayrim kamchiliklar uchrab turibdi. Bugungi kunda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun qarzdorlik 10 milliard 751 million so‘mni tashkil etmoqda. Jumladan, Shukrona, Tojmahal, Nurafshon, Qorasuv, Mustaqillik, Cho‘ponota kabi mahallalarda yashovchi aholining 724 million so‘mga yaqin qarzi bo‘lsa, Samarqand tumani aholisining 2 milliard 883 million so‘m qarzdorligi mavjud.
Bugungi kunda, korxonamiz tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun qarzdorlikning 1 milliard 086,6 million so‘mi xususiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda, - deydi “Maroqand Obod” DUK direktori Rasul To‘lqinov. - Jumladan, “Damariq” dehqon bozori 20,4 million so‘m, Siyob dehqon bozori 28 million so‘m, “Shahzoda Maftuna gold” xususiy korxonasi esa 13,1 million so‘m miqdorida chiqindidan bo‘lgan qarzini to‘lamasdan kelmoqda. Shuningdek, Samarqand shahridagi 8847 ta yuridik shaxslardan 83 ta, Samarqand tumanida esa 3 mingta yuridik shaxslardan 368 tasi bilan ham o‘zaro shartnomalar tuzilmagan.
“Bog‘ishamol-Garden” MChJ, “Maroqand-Led” korxonasi, “Bog‘bon” bazmgohi, «Yangi Shodiyona» savdo majmuasi, Samarqand trikotaj fabrikasi kabi 20 ga yaqin xususiy korxonalari bilan ham shartnomalar haligacha tuzilgani yo‘q. Ular o‘z hududidagi maishiy chiqindilarni shahar ko‘chalariga noqonuniy chiqarib tashlashmoqda.
Shahardagi 83 ta umumta’lim maktabning 2 tasida, shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi So‘g‘diyona tibbiy jamoatchilik texnikumida, Samarqand tumandagi 3 ta umumta’lim maktabda chiqindi konteynerlari o‘rnatilmagan.
O‘z navbatida ayrim hududlarda chiqindilarning o‘z vaqtida olib ketilmasligi kuzatilmoqda. Matbuot anjumanida ishtirokchilar xuddi shunday holatlarni ko‘rsatib berishdi va mutasaddilardan holatga izoh so‘rashdi.
Matbuot anjumanida Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilar boshqaruvini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish jarayonlari haqda ma’lumot berildi.
Anjumanda jurnalistlar “Maroqand Obod” DUKning ochiqlik, jamoachilik bilan aloqalar borasidagi ishlarini savol ostiga oldi. Aytilishicha, jurnalistlar ma’lumot olish maqsadida “Maroqand Obod” DUK idorasiga borganida kiritilmagan va soatlab kutib ham hech qanday ma’lumot olinmagan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.