Samarqandning jajji yulduzi

Pastdarg‘omlik Parizoda Rajabova sakkiz yoshga qadam qo‘ydi. Raqsga tushish mahorati bilan tengdoshlaridan ajralib turuvchi bu jajji qizaloq yaqinda viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan "Yoshlar festivali"da faol ishtirok etdi.
- Qizimning iqtidori 3 yoshidan namoyon bo‘la boshladi, - deydi Marg‘uba Safarova. – Musiqani eshitsa bas, darhol raqs tushishni boshlardi. Shunda uni tumanimizdagi 32-bolalar musiqa va san’at maktabiga olib bordik. U yerda qizim xoreograf Zamira Mirzayevaning e’tiboriga tushdi, mashg‘ulotlarda to‘liq qatnashdi va tuman, viloyat va respublika darajasidagi ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.
Jajji Parizodaning yutuqlarini ko‘rib, iqtidor joy va makon tanlamasligiga amin bo‘lasiz. E’tiborlisi, u o‘z iqtidori bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham e’tirof topishga ulgurgan. Xususan, 2021 yilda u “Prestij” xalqaro ta’lim portali tomonidan o‘tkazilgan tanlovning xoreografiya yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
— Qo‘shiqlarga raqsni o‘zim o‘ylab topaman, - deydi mitti qahramonimiz. – Katta bo‘lsam, xoreograf bo‘lmoqchiman. Surxoncha, xorazmcha, buxoracha o‘yinlarni yaxshi ko‘raman. Ispancha, hindcha va ozarbayjoncha qo‘shiqlarga ham raqs o‘ylab topganman. Qolgan vaqtimni kitob o‘qishga, xorijiy tillarni o‘rganishga sarflayman.
Hozir Parizoda mashg‘ulotlarni viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazida davom ettirmoqda. U yerda Parizoda mahoratli murabbiylardan raqs san’atining sir-asrorlarini o‘rganib, aqlan va jismonan chiniqmoqda. O‘ylaymizki, tez orada u bizni yanada ulkanroq yutuqlari bilan xursand qiladi.
Asqar Barotov.