Samarqandning turistik salohiyati Kanadada namoyish etildi

Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Tourism and Travel Show-2023" xalqaro turizm yarmarkasida viloyat turizm boshqarmasi mas’ullari va soha mutaxassislaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda.

Mazkur "SITV-2023" o‘ttiz uchinchi xalqaro turizm ko‘rgazmasi Amerika qit’asida tashkil etiladigan eng yirik turizm ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, unda 100 dan ortiq mamlakatdan 50 ming nafarga yaqin turizm sohasi vakillari qatnashmoqda.

Yarmarkaning ilk kunida delegatsiyamiz a’zolari xorijiy kompaniyalar hamda turizm idoralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Samarqandning turizm salohiyati, mavjud imkoniyatlar, turizm sohasida kadrlar tayyorlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, sayyohlar uchun yaratilgan infratuzilma ob’yektlari, boy tarixiy-madaniy merosi namoyish etildi.