SamATI talabalari paxtachilik ilmiy izlanishlarida ishtirok etmoqda

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti agrobiologiya fakulteti agronomiya yo‘nalishi talabalari paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida malakaviy ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamoqda.

Talabalar seleksiya izlanishlarida qo‘llaniladigan zamonaviy tadqiqot uslublari, tajriba-dala ishlari bilan tanishib, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishmoqda.

Bugungi kunda ushbu ilmiy muassasada global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va zararkunandalarga chidamli, yuqori sifatli tola beruvchi yangi paxta navlarini yaratishga qaratilgan izlanishlar olib borilmoqda. Shuningdek, boshqa hududlarda yaratilgan navlarning ekologik moslashuvchanligini baholash maqsadida ekologik sinovlar ham amalga oshirilmoqda.

Amaliyot jarayonida talabalar o‘z nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlab, sohaga oid muhim tajribalarni o‘zlashtiradi.