SamDAQI olimlari doim izlanishda
Kecha bitta innovatsion g‘oya ustida bosh qotirgan bo‘lsak, bugun yanada ko‘proq g‘oyalarni o‘ylashimiz kerak. Bu orqali aholi turmush tarziga yangilik va yengilliklar kiritish, mehnat sarfini kamaytirgan holda unumdorlikka erishish, ishlab chiqarishga innovatsion ishlanmalar joriy qilishni maqsad qilganmiz.
O‘tgan yil 100 dan ortiq ishlanmalar ustida ish olib borgan olimlarimizning 30 ga yaqin innovatsion ishlanma va ilmiy-tadqiqot natijalari amaliyotga joriy etildi. Bu ishlanmalar uchun 865 million so‘mlik shartnomalar imzolandi.
Jumladan, institutimiz olimlari tomonidan yaratilgan "O‘zbekiston tarixiy-me’moriy yodgorliklarining nur arxitekturasi", "Noan’anaviy energiyadan foydalanib, elektr energiya olish qurilmasi", "Shahar ayrim chiqindilaridan vermikompost (biogumus) tayyorlash texnologiyasi", "Amir Temur va temuriylar bog‘lariga xos an’anaviy "Chorbog‘" uslubidagi milliy bog‘ning me’moriy loyihasi", "Asbest tolalari bilan dispersli armaturalangan betonlar olish texnologiyasi", "Taxtali uchburchak to‘sin ferma", "Tog‘ kon ishlaridagi qazilmaning hajmini aniqlash va fazoviy tasvirlashning elektron modeli" kabi innovatsion ishlanmalar 2017 yil Samarqand, Jizzax, Qarshi, Buxoro, Navoiy shaharlarida o‘tkazilgan "X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar" respublika yarmarkasi doirasidagi hududiy yarmarkalarda e’tirof etildi.
Bu yil institut olimlari va iqtidorli talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion g‘oyalar bazasini yaratish va uni institutning internet saytiga joylashtirish, innovatsion ishlanmalar qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan korxonalar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzish maqsadida innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish, amaliyotga joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Usmon XUShVAQTOV,
SamDAQI ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i.