SamDAQI o‘qituvchisining pora olgani oliygoh, qolaversa, pedagogik jamoa sha’niga nomunosib ish

Zarnews.uz telegram kanalida “SamDAQI o‘qituvchisi 2 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotganda qo‘lga tushgan”i haqida xabar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, bu avvalo institutimiz, jamoamiz sha’niga nomunosib ish bo‘ldi.

Keyingi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borilayotgan bir paytda, afsuski, institut o‘qituvchisi shunday ishga qo‘l urib, o‘z nafsining qurboniga aylanmoqda.

Bu kabi korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida institut rahbariyati tomonidan tushuntirish ishlari hamda har oyda kamida bir marta ochiq muloqotlar tashkil qilingan. Mazkur noxush holat ham jamoa o‘rtasida muhokama etilib, barcha professor-o‘qituvchilar, xodimlar korrupsiya illatidan yiroq bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. Shu bilan birga o‘quv jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar yanada kuchaytirilmoqda.

Shu o‘rinda hurmatli ota-onalarga ham murojaat qilmoqchimiz. Hurmatli ota-onalar, farzandingizning pul evaziga o‘qishini taklif qilayotgan ta’magirlarga ishonmang!

Ilm ishiga pul aralashdimi, bilingki, bu zalolat botqog‘iga yetaklaydi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.