SamDChTIning chekka hududlarda istiqomat qiluvchi 95 nafar talabasiga onlayn kurslar elektron tarzda yetkaziladi
Samarqand davlat chet tillar institutida 2 sentyabrdan yangi o‘quv yili boshlandi.
Dars mashg‘ulotlari tasdiqlangan jadval asosida 2, 3, 4-kurs bakalavriat talabalariga kuniga 6 soat hamda 2-kurs magistrlarga 4 soat olib borilmoqda.
Yangi o‘quv yili saboqlari avvalgi o‘quv yillaridan farqli ravishda masofaviy shaklda tashkil etilmoqda. Buning uchun institutning Moodle masofaviy ta’lim platformasi (moodle.samdchti.uz) o‘quv jarayonini o‘qitishning masofaviy shaklida tashkil etish uchun tayyor holga keltirildi.
Platformada barcha fanlardan “Namunaviy onlayn kurslar komplekslari” yaratilib, Moodle masofaviy ta’lim platformasiga mavzular ketma-ketligida joylashtirildi.
Bu tizimning afzalligi shundaki, har bir fan bo‘yicha joylashtirilgan o‘quv resurslarini o‘zlashtirmasdan va berilgan topshiriqlarni bajarmasdan turib, keyingi mavzuga o‘tishning iloji bo‘lmaydi. Bu talabaning o‘z ustida ko‘proq izlanishini talab etadi.
Shuningdek, fanlarning xususiyatidan kelib chiqib, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar Zoom dasturi orqali jonli muloqot tarzida olib borilmoqda.
2020-2021 o‘quv yilida masofaviy ta’limni tubdan takomillashtirish bo‘yicha institutda mavjud axborot-kommunikatsiya tizimlari to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi. Yaroqsiz deb topilgan server stansiyalari, internet aloqa tarmog‘i va kompyuterlar yangilariga almashtirildi.
Bundan tashqari, fanlarni masofadan o‘qitish uchun videomateriallar, vebinarlar, taqdimotlardan keng foydalanilmoqda. Shu maqsadda masofadan o‘qitish uchun 100 ga yaqin videodarslar tayyorlanib, institut veb-saytiga joylashtirildi. Bu an’ana o‘quv yili mobaynida davom ettiriladi va yetakchi professor-o‘qituvchilarning videodarslari institut veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirib boriladi.
Masofaviy ta’lim bilan qamrab olish imkoniyati bo‘lmagan, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi 95 nafar talabaning ro‘yxati fakultetlar kesimida shakllantirildi. Ularning har biriga barcha fanlardan tayyorlangan “Namunaviy onlayn kurslar komplekslari” elektron tarzda yetkazib beriladi. Uning tarkibida elektron formatda videoma’ruza, elektron qo‘llanma (darslik), taqdimot materiallari, test topshiriqlari va keyslar to‘plami, nazorat savollari va boshqa o‘quv materiallari joy oladi.
Shaxsiy smartfon yoki kompyuterga ega bo‘lmagan talabalarga vaqtinchalik foydalanib turishlari uchun institut tomonidan planshetlar olib berish rejalashtirilgan. Planshetlarga “Namunaviy onlayn kurslar komplekslari” yuklab beriladi.
Samarqand davlat chet tillar instituti axborot xizmati.