SamDTUda psixiatriya, nevrologiya, neyroxirurgiya masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi
Xalqaro anjumanda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Boshqirdiston davlat tibbiyot universiteti rektori Valentin Pavlov, Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Aleksey Shklyayev, I.Kant nomidagi Boltiqbo‘yi federal universiteti rektori Aleksandr Fedorov va boshqa mehmonlar xalqaro forumlarning o‘zaro manfaatli tomonlari, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va klinik tibbiyotga nazariy ishlanmalarni joriy etish borasidagi ahamiyatini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Samarqand turizm markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Ayni paytda xalqaro konferensiyaning asosiy ishi 5 ta shu’ba yig‘ilishlarida davom etmoqda. Unda ishtirokchilarni “Tibbiy reabilitatsiyani rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari”, “Psixiatriya yordamini tashkil etishning dolzarb masalalari”, “Nevrologiya: nazariyadan amaliyotga”, “Sport tibbiyotini rivojlantirishning zamonaviy yo‘nalishlari va istiqbollari”, “Neyroxirurgiyada reabilitatsiya: zamonaviy amaliyot va rivojlanish istiqbollari” masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanadi. Konferensiya ishi ikki kun davom etadi.
SamDTU axborot xizmati.