SamDU Janubiy Koreyaning Yungnam universiteti bilan hamkorlikni mustahkamladi

Shu yil yanvar oyida Samarqand davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari bo‘lgan delegatsiya Janubiy Koreyaning Yungnam universitetida bo‘lib, mazkur universitetning tarix, madaniy antropoligiya hamda muzeyshunoslik bo‘limlari rahbarlari bilan uchrashgan edi.

Muloqot davomida hamkorlik masalalari muhokama qilinib, simpoziumlar tashkil etish va tajriba almashishlar belgilangan edi.

Xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi sifatida yaqinda SamDUga Yungnam universitetining professorlari Kim Jae Youn va Lee Eun Jeong boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida SamDU tarix fakulteti va Yungnam universiteti madaniy antropologiya bo‘limi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng “O‘zbek va koreys xalqlarining madaniy almashinuvi” hamda"Akademik simpozium va o‘zaro madaniy almashinuv" nomli tadbirlar o‘tkazildi. Anjumanda SamDU va Yungnam universiteti olimlari ikki davlat tarixchiligi bo‘yicha qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

- Samarqandga ilk bor kelishim. Doim ushbu tarixiy shaharda bo‘lishni orzu qilganman, - deydi Yungnam universiteti muzeyshunoslik bo‘limi direktori, professor Lee Eun Jeong. - Samarqand haqiqatan ham ochiq osmon ostidagi muzey. O‘zining tarixiyligi, madaniyati bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, Registon majmuasini sinchiklab ko‘rmaslikning iloji yo‘q. Har bir naqshlari, burchagi did bilan ishlangan. Binolari hashamatli va jozibador.

- Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishish menga zavq bag‘ishladi, - deydi Yungnam universiteti professori Kim Dae Vook. - Universitetning 600 yillik tarixga egaligi meni quvontirdi. SamDUdagi arxeologiya va Samarqanddagi «Afrosiyob» muzeylari menda katta taassurot qoldirdi. Samarqand davlat universitetida koreyalik professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarning faoliyat ko‘rsatishi tahsinga sazovor. "Afrosiyob" muzeyida qadimiy Koreya elchilarining devoriy tasvirlarini ko‘rib, xalqlarimiz qadimdan aloqalar o‘rnatganligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. O‘zim uchun yangi tarixni kashf qildim. 

Samarqand davlat universiteti

axborot xizmati,

***

Shavkat Akramov olgan suratlar.