SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali qizil toifadagi maktablarni rivojlantirishga ko‘maklashadi

Kattaqo‘rg‘on tumanida bugungi kunda 106 ta maktab bo‘lib, 2023-2024 o‘quv yili yakuniga ko‘ra ushbu maktablar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlariga ko‘ra, qizil, sariq va yashil toifalarga ajratildi. 

Tumandagi 12 ta maktab qizil toifaga tushib qoldi va viloyat hokimining tegishli yig‘ilish bayoniga muvofiq, ushbu maktablarda ta’lim-tarbiya jarayonlarini rivojlantirish, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilar bilan tizimli ishlar olib borishga ko‘maklashish uchun SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialiga biriktirildi.

Joriy yilning 19 sentyabr kuni Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligida filial direktori Sh.Urakov rahbarligidagi mas’ullar, tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, ichki ishlar, milliy gvardiya rahbarlari hamda qizil toifadagi maktablarning direktorlari ishtirokida ta’lim muassasalaridagi holat muhokama qilindi.

Maktablarni 2023-2024 o‘quv yilida bitirgan o‘quvchilarning OTMga kirish holati, kutubxona sharoitlari, o‘qituvchilar malaka va tajribasi bo‘yicha filial vakillari tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berildi. 

Yig‘ilishda muammolar tahlil qilinib, filial tomonidan ushbu maktablarda o‘qituvchilariga amaliy yordam ko‘rsatish, fanlardan ilg‘or mutaxassislarni jalb qilgan holda samaradorlikka erishish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilandi.

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali axborot xizmati.