SamDU qoshida ikkita institut va bitta filial tashkil etiladi
Samarqand davlat universitetida raqamli elektronika va elektrotexnika, tibbiyot fizikasi, agrobiotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida kadrlar tayyorlaydigan va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradigan “Muhandislik fizikasi” hamda “Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi” institutlari tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqandga qilgan tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti universitetning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti negizida tashkil etilib, universitetga qarashli “Gulobod agrotexnologiyalar” texnikumi hududi ajratiladi.
Muhandislik fizikasi instituti universitetning fizika fakulteti negizida tashkil etilib, Samarqand shahar So‘lim qo‘rg‘onidagi universitetning Yadro fizikasi laboratoriyasi hududida joylashtiriladi.
Shuningdek, Urgut tumanining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplash maqsadida Samarqand davlat universitetining Urgut filiali tashkil etiladi.