SamDU: Ulug‘ dargohda ulug‘lar izi bor 

Samarqand davlat universiteti nufuzini shu dargohda talabalarga saboq bergan ustozlarning zahmatli mehnati misolida ko‘raman.

Kechagina talaba edik, universitetning o‘zbek filologiyasi fakultetida ta’lim oldik. Umr o‘tkinchi ekan, ko‘plab fidoyi ustozlar bu dunyoni tark etdi, biroq ular o‘zlaridan ezgu amallar, yaxshi xotiralar qoldirdi. 

O‘tgan asrning 80-yillari o‘zbek filologiyasi fakulteti o‘quv xonalarida ustozimiz professor Hamdam Berdiyorovning zavq bilan dars o‘tayotgani ko‘z oldimga keladi. O‘quv zalida laborant Faya opa bergan bir piyola choyni qo‘lida aylantirib, adabiyot nazariyasi fanidan mashg‘ulot o‘tadigan dotsent J.Hojimatovning qiyofasini ko‘rganday bo‘laman. Maqolalarida har bir ijodkorni Said Ahmad ta’biri bilan aytganda, ayaydigan, mehr bilan suyaydigan, kitob yozish san’atini puxta egallagan professor S.Mirzayevni eslayman. Ustoz kamgap, donishmand edi, iloji boricha odamlarga yaxshilik qilish, yordam berishga intilardi. 

O‘zi bir olam, she’r o‘qishi-yu tahlili bir dunyo ustoz professor N.Shukurovga e’tiqodimiz o‘zgacha edi. Uning qancha she’rni yoddan bilishi, tahlilda hech bir olimda uchramaydigan fikrlari, matnning mag‘zigacha yong‘oqni chaqqanday talabalarga yetkaza olish mahorati bor edi. 

Har bir so‘zni o‘ta mulohaza qilib, dona-dona gapiradigan, asossiz gapdan qochadigan, adabiyot tarixini chuqur biladigan dotsent Q.Tohirovning betakror uslubi talabalarni o‘ziga rom qilardi. 

Kamdan-kam talabalar bizga akademik domla dars bergan deb maqtana oladi. Biz ana shunday maqtana oladigan talabalar toifasiga kiramiz, chunki bizga akademik V.Abdullayev va B.Valixo‘jayevlar dars bergan. Akademik V.Abdullayevning o‘ziga xos ko‘tarinki ruhda she’r o‘qish uslubi, hazil-mutoyibani o‘rnida ishlatishi, akademik B.Valixo‘jayevning ma’ruza o‘qish mahorati boshqacha edi. Valixo‘jayev domlaning uyiga ham bir necha marta ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan borganimizda kamtarona hayot kechirishiga guvoh bo‘lganmiz. Bunday turmush tarzi biz, talabalar tasavvuridagi akademik olim shohona yashaydi, degan fikrni parchalab tashlagan edi. 

Professorlar R.Qo‘ng‘urov, Sh.Xolmatov, N.Rajabov, I.Mirzayev, R.Orzibekov, B.Yo‘ldoshev singari ustozlarimiz haqida ham shirin xotiralarimiz bor.

Faoliyati shonli va sharafli voqealarga boy olti yuz yillik tarixga ega qadrdon universitetimizning bundan keyingi faoliyatida ham yutuqlari ko‘p bo‘ladi. Zero, ulug‘ dargohda ulug‘lar izi bor. 

Abdumurod Nomozov, 

filologiya fanlari nomzodi.