“SAMFERRE” va “MONDELUX” Rossiyadagi yirik onlayn-do‘kon va gipermarket - “Sima-land”ga mahsulot yetkazib beradi

Viloyat hokimligi vakillari va tadbirkorlardan iborat delegatsiya shu yilning 6-9 dekabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib, Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlari tadbirkorlari bilan biznes-forum va «B2B» formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etdi.

Qayd etish lozim, 2022 yilning 15-18 may kunlari viloyat hokimining yordamchisi N.Ibragimov boshchiligida bir guruh tadbirkorlar Yekaterinburg shahrida bo‘lib, biznes-forumda ishtirok etgan edi. Ushbu tadbir esa O‘zbekiston Respublikasining Yekaterinburg shahridagi Bosh konsuli Abdusalom Hotamov taklifi bilan tashkil qilindi.

Dastlab delegatsiya a’zolari «C.I.T. Yekaterinburg» konteyner terminali faoliyati bilan tanishdi. «C.I.T.» - maydoni 8,5 gektarni tashkil etib, “Koltsovo” temir yo‘l stansiyasiga (Sverdlovsk temir yo‘li) to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish (200 m) va juda qulay geografik joylashuvga, yani Tyumen, Chelyabinsk, Moskva, Tagil va Serov yo‘nalishlarining asosiy temir yo‘l va avtomobil transport kesishmalariga yaqin. Terminalda import qilinayotgan mahsulotlar uchun laboratoriya ham mavjudligi delegatsiya a’zolari bo‘lgan tadbirkorlarda qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirning ikkinchi kunida Ural Savdo-sanoat palatasida Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlari tadbirkorlari o‘rtasidagi biznes-forum va «B2B» uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda o‘z faoliyatini Samarqand hududiga kengaytirmoqchi bo‘lgan Rossiya tomoni tadbirkorlariga viloyatining investitsiya salohiyati taqdimot qilindi. Biznes-forum doirasida viloyat delegatsiya o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasini ham o‘tkazdi. Shundan so‘ng tadbirkorlar o‘zaro «B2B» uchrashuvlarga kirishdi va hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Uchrashuv yakunida Samarqand shahri va Ural Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Rossiyadagi eng yirik iste’mol tovarlari onlayn-do‘koni va gipermarketi – “Sima-land” faoliyati bilan tanishdi. Korxona 2000 yillarda Xitoydan suvenerlar yetkazib bergan, keyinchalik yetkazib beruvchilar va tovarlar doirasi ancha kengayib borgan va bugungi kunda kompaniya har qanday turdagi 200 mingdan ortiq mahsulotlarni ulgurji shaklda yirik gipermarketlar tarmoqlariga yetkazib beradi. Hozirda 50 ta davlatning (Rossiya, Italiya, Polsha, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Vetnam, AQSh) ishlab chiqarish quvvatlari bilan hamkorlik qiladi. Kompaniya 2022 yilda 1,5 mln dollar sof daromad qilgan bo‘lib, hozirda bu yerda 13 ming nafardan ortiq xodim ishlaydi. Korxonaning juda yirik ombor maydoni, Yekaterinburg, Moskva, Xitoy, Italiyada ofislari va Uralda eng yirik gipermarketlari mavjud.

Ushbu kompaniya bilan Samarqand viloyati tadbirkorlari o‘rtasida umumiy qiymati  275 ming dollarlik memorandum imzolandi. Jumladan, “ZARAFSHON TEKSTIL” va “IK TEKSTIL” korxonalari tekstil mahsulotlarini, “NASSAR TRADING” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruq mevalarni, “SAMFERRE” korxonasi maishiy texnika vositalarini va “MONDELUX” korxonasi mebel mahsulotlarini eksport qilishga kelishib oldi.

“SAMFERRE” va “MONDELUX” korxonalari yirik salohiyatga egaligi, ushbu korxonalar bilan yirik shartnomalar imzolanishi Rossiya korxonasi tomonidan alohida ta’kidlandi va yirik xaridlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.