SamISIda onlayn xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
Koronavirus epidemiyasining dunyo bo‘ylab keng tarqalishi jahon iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Tabiiyki, O‘zbekiston ham bu sinovlarni boshidan kechirmoqda. Global vaboning salbiy ta’siri oqibatida keng ko‘lamli islohotlardan samaraga erishayotgan va yuksalishga yuz tutayotgan milliy iqtisodiyotimiz ham ziyon ko‘rishi kutilmoqda. Bunday sharoitda moliya-kredit munosabatlarini yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyat va resurlardan oqilona foydalanish dolzarb masalalar qatoriga kiradi. Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda va xalqaro darajada mutaxasis-olimlar, amaliyotchilarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini birgalikda muhokama qilish hamda asosli qarorlar qabul qilish o‘ta ahamiyatlidir.
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining Moliya kafedrasi tashabbusi bilan shu yilning 10-11 iyun kunlari onlayn orqali “Moliya-kredit tizimini iqtisodiyotning real sektori bilan o‘zaro munosabatlarini institutsional rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda aynan bugungi kunning dolzarb masalalari o‘rtaga tashlandi.
Xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo, Rossiya, Ukraina, Belarus, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarning soha olimlari hamda xalqaro bank-moliya tashkilotlarining yuzdan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishga qaratilgan “Harakatlar strategiyasi”ning hozirgi global pandemiyaning salbiy ta’siri sharoitida amalga oshirilishi, xizmat ko‘rsatish sohasida kichik biznes sub’yektlari bilan moliya-kredit tizimi aloqalarini yanada takomillashtirish, koronavirus pandemiyasi sharoitida xalqaro tashkilotlar va davlatning maqsadli moliyaviy resurlari, ko‘rsatilayotgan beg‘araz moliyaviy yordamlarni to‘g‘ri hisobga olish masalalari muhokama etildi.
Konferensiyada ishtirokchilar o‘zlarining 300 ga yaqin mualliflik maqolalari bilan qatnashdi. Ushbu ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan materiallar elektron to‘plam shaklda chop etiladigan bo‘ldi.
Hasan MUSAYeV,
professor.
Bahodir HUSANOV,
dotsent.