Samoga uchgan burgutlar: Nega 11 avgust kuni «Paxtakor»ning 17 nafar o‘yinchisi samolyotda halokatga uchragandi?
O‘zbek futboli iftixori - “Paxtakor” jamoasi a’zolari Ukraina osmonida halokatga uchraganligi butun o‘zbek xalq uchun katta yo‘qotishga aylangandi.
1979 yilning 11 avgustida Toshkent-Minsk reysida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti 8400 metr balandlikda shu rusumdagi boshqa samolyot bilan to‘qnashib ketdi. Fojiada ikki samolyotda bo‘lgan 178 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida o‘sha vaqtda o‘zbek futbolining faxri hisoblangan «Paxtakor»ning 17 nafardan iborat yulduzli tarkibi ham bo‘lgandi. Afsuski, ikki dispetcherning xatosi tufayli shuncha inson hayot bilan vidolashdi.
Aviadispetcherlar N.Jukovskiy va V.Sumskoyning mash’um xatosi butun bir xalqning fojiasiga olib kelgan. Bir vaqtda aloqada bo‘lgan bir necha samolyotdan qaysi biri ular tarafidan berilgan buyruqni bajarganini so‘rab olishni unutishgan. Yoki lokatorga qarab, samolyotlar qaysi yo‘nalishda harakat qilayotganini tekshirishni esdan chiqarib, aviahalokatga sabab bo‘lishgan.
Har ikki samolyot uchuvchilari qalin bulut tufayli qarshisidagi samolyotni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishmagan. «Paxtakor» uchayotgan layner boshqaruvi 4500 metr balandlikkacha germetizatsiya buzilgan holatda ham ushlab turilgan, biroq shundan keyin samolyot keskin ravishda qulashni boshlagan.
Sudda dispetcherlar ustidan umumiy rejimda 15 yildan ozodlikdan mahrum etilgan.
Ushbu halokatdan juda ko‘pchilik o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Chunki o‘sha mavsumda «Paxtakor» ishonchli o‘yin ko‘rsatib, yuqori o‘rinlardan joy egallashga haqli ekanligini isbotlab kelayotgandi. Hatto, ba’zi mutaxassislar jamoaning yaqin yillar ichida Yevrokuboklarda o‘ynashi mumkinligi to‘g‘risida taxmin qilayotgandi. Fojia oqibatida nafaqat ko‘plab insonlar halok bo‘ldi, balki bu o‘zbek futbolining rivojlanishiga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Samoda halok bo‘lgan o‘yinchi va jamoa a’zolarining ro‘yxati:
Idgay Tazetdinov 13.01.1933 - murabbiy
Vladimir Chumakov 08.12.1932 - shifokor
Mansur Tolibjonov 04.04.1944 - ma’mur
Mixail An 19.11.1952 - yarim himoyachi
Vladimir Fyodorov 05.01.1956 - hujumchi
Olim Ashirov 25.01.1955 - himoyachi
Ravil Agishev 14.03.1959 - himoyachi
Konstantin Bakanov 25.05.1954 - yarim himoyachi
Yuriy Zagumennix 07.06.1947 - himoyachi
Aleksandr Korchyonov 04.05.1949 - yarim himoyachi
Nikolay Kulikov 25.04.1953 - himoyachi
Vladimir Makarov 09.03.1947 - yarim himoyachi
Sergey Pokatilov 20.12.1950 - darvozabon
Viktor Churkin 25.01.1952 - hujumchi
Sirojiddin Bozorov 10.08.1961 - hujumchi
Shuhrat Eshbo‘tayev 08.02.1959 - hujumchi
Vladimir Sobirov 14.01.1958 - hujumchi
Tez fursat ichida «Paxtakor»ga boshqa jamoalardan futbolchilar chaqirilib, jamoa mavsumni davom ettirdi. Uch mavsum mobaynida jamoaga oliy ligadan tushib ketmaslik imkoniyati taqdim etildi. O‘sha mash’um halokat tufayli ko‘p ming sonli ishqibozlar futboldan butunlay ko‘ngil uzishdi.
Har yili 11 avgustda o‘zbek futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgan «Paxtakor»-79 ni eslaymiz. Biz o‘sha «Paxtakor»ni hech qachon unutmaymiz. Samoda halok bo‘lgan 17 nafar qahramonlar doimo biz bilan birga!
Dilmurod TO‘XTAYeV.