SIUT talabalarining diplomoldi amaliyoti Xitoyning nufuzli korporatsiyalarida tashkil etiladi

O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va ijtimoiy sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashda, tabiiyki, yuqori texnologiyali energetika muhim o‘rin tutadi.

Yurtimizda energetika sohasida yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha joriy yilning 6 aprelida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Xitoyning “Northeast Electric Power University” universiteti o‘rtasida Xitoyning global energetikani rivojlantirish borasidagi muhim yutuqlaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

2023 yil 18 may kuni mamlakatimiz Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida XXR raisi Si Szinpinning taklifiga binonan 2023-2027-yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturiga imzo chekildi. Quvonarlisi, mazkur dastur doirasida yurtboshimiz tomonidan imzolangan 41 ta hujjatlar orasida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining Xitoyning “Northeast Electric Power University” hamda “Tianjin University of Science and Technology” universitetlari bilan imzolagan hamkorlik memorandumlari ham borligidir.

2023 yil sentyabr oyidan boshlab Samarqand xalqaro texnologiya universitetida muhandislik fakultetining 5 ta yo‘nalishi (konchilik, neft-gaz, kimyo, geologiya muhandisliklari, axborot texnologiyalari) va biznes va iqtisodiyot fakultetining 2 ta ixtisosligi (tadbirkorlik va menejment) hamda xalqaro logistika ixtisosligi bo‘yicha, shuningdek, Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti tomonidan ochilgan ixtisosliklar - raqamli iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, dizayn yo‘nalishlari hamda universitet qoshida Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri “Northeast Electric Power University” bilan hamkorlikda tashkil etilgan issiqlik energetikasi ixtisosligi bo‘yicha talabalar tahsil ola boshladi.

Ingliz tilida dars o‘tilayotgan ushbu ixtisosliklar bo‘yicha o‘quv dasturlari AQSh, Xitoy va Koreya Respublikasining texnik oliy ta’lim dasturlari standartlari asosida yaratilgan. Universitetda 13 ta davlatdan kelgan kamida PhD ilmiy darajasiga va yetakchi xorijiy universitetlarda ko‘p yillik xalqaro tajribaga ega xorijiy professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Professor-o‘qituvchilarning ana shunday yuksak kasbiy mahorati va ilmiy salohiyati tufayli endigina ikki yoshni qarshilayotgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti “WEB OF SCIENCE” bo‘yicha O‘zbekistondagi milliy ilmiy tadqiqot bazasi platformasidagi ta’lim muassasalari reytingida 5-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Joriy yilning 18-sentyabr kuni Chanchun shahrida Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vazirligi va Jilin provinsiyasi hukumati homiyligida sanoat, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar hamkorligi va integratsiyasi bo‘yicha yillik xalqaro ajuman o‘tkazildi.

Anjumanda dunyoning turli davlatlaridan taniqli olimlar ishtirok etdi. To‘rt yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan mazkur anjuman o‘z faoliyati bilan issiqlik texnikasi, energetika va muqobil energiya manbalarini yaratish bo‘yicha o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikning nufuzli ilmiy platformasiga aylandi.

Tadbir davomida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Xitoy energetika institutining ochilishi ramziy ma’noda o‘z tasdig‘ini topdi. Ushbu institutda o‘qish "2+2" shaklida amalga oshiriladi, ya’ni talabalar 2 yil O‘zbekistonda va yana 2 yil Xitoyda o‘qish orqali bir yo‘la ikkita diplom sohibiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Talabalar o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha boshlang‘ich kurslarda ingliz tilida, yuqori kurslarda xitoy va ingliz tillarida ta’lim oladi. Ayni kunlarda ushbu yo‘nalishda tahsil olishni boshlagan talabalar birinchi kursdanoq jadallashtirilgan xitoy tili kursini o‘rganishga kirishgan.

Shuningdek, anjumanda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, “Northeast Electric Power University” universiteti va Xitoyning shimoli-sharqiy elektr energetikasini loyihalash instituti o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomaga muvofiq, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida tashkil etilgan Xitoy energetika instituti talabalarining diplomoldi amaliyoti Xitoyning ushbu yetakchi loyiha instituti, Xitoy Huaneng Group Co., Ltd. tarkibiga kiruvchi beshta yirik davlat elektr energiyasi ishlab chiqarish korporatsiyasida tashkil etiladigan bo‘ldi.

Germaniyalik olim, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Hartmut Michel ushbu tashabbusga katta qiziqish bildirib, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bilan hamkorlik qilishga roziligini ta’kidladi.